Yangiliklar

Donald Tramp Kanadadagi tutun uchun bojlarni oshirmoqchi

Kanada rasmiylari o‘rmonlar va ulardagi quruq o‘simliklarni yetarlicha nazorat qilmagani sabab AQShga «iflos va sog‘liq uchun xavfli havo» kirib kelmoqda
Donald Tramp Kanadadagi tutun uchun bojlarni oshirmoqchi
Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari tutuni Amerika hududiga tarqalgani sabab ushbu mamlakat tovarlariga qo‘llanayotgan bojlarni oshirish bilan tahdid qildi. Bu haqda Axios xabar berdi.

Tramp 17-iyul kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Kanada yong‘inlari oqibatida yuzaga kelayotgan ifloslanish xarajatlari mamlakat to‘layotgan tariflarga qo‘shilishi kerakligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Kanada rasmiylari o‘rmonlar va ulardagi quruq o‘simliklarni yetarlicha nazorat qilmagani sabab AQShga «iflos va sog‘liq uchun xavfli havo» kirib kelmoqda.

AQSh prezidenti bu vaziyatni «qasddan yo‘l qo‘yilgan beparvolik» deb atadi. Shuningdek, u Kanada bosh vaziri Mark Karni bilan bog‘lanib, mamlakat hukumati muammoni hal qilish uchun qanday choralar ko‘rishini so‘rashini ma’lum qildi.

Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari tutuni so‘nggi kunlarda AQShning bir qator hududlarini qamrab oldi. Jumladan, 16-iyul kuni Nyu-York shahri qalin tutun ostida qoldi. Havoning ifloslanishi sog‘liq bo‘yicha ogohlantirishlar berilishiga hamda ayrim ochiq havodagi tadbirlarning cheklanishiga sabab bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Kanada yong‘inlari tutunining AQShning O‘rta G‘arb va shimoli-sharqiy hududlariga tarqalishi so‘nggi yillarda muntazam tus olmoqda. Bunday vaziyat havodagi mayda zararli zarralar miqdorini oshirib, millionlab odamlar uchun qisqa va uzoq muddatli sog‘liq xavflarini yuzaga keltiradi.

Rasmiy Ottava nima deydi

Kanada rasmiylari Trampning tariflarni oshirish haqidagi tahdidiga hozircha munosabat bildirmadi. Mamlakat hukumati avvalroq o‘rmon yong‘inlari bilan bog‘liq inqiroz issiqroq va quruqroq ob-havo sharoiti ta’sirida kuchayayotganini tan olgan edi.

2024-yilda Kanada o‘rmon xo‘jaligi vazirlari kengashi yong‘inlarning oldini olish va ularning oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan milliy strategiyani ishga tushirgan. Dastur davlat organlari va hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, yong‘in xavfini kamaytirish hamda tabiiy ofatlarning aholi va infratuzilmaga ta’sirini cheklashni nazarda tutadi.

Avvalroq «Kursiv» Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari tutuni kuchaygani haqida yozgan edi.