Gadjetlar

Honor Robot Phone smartfoni qachon sotuvga chiqadi

Honor Robot Phone smartfoni qachon sotuvga chiqadi
Foto: Ochiq manba

Honor kompaniyasi Honor Robot Phone smartfoni uchun Xitoyda oldindan buyurtmalar qabul qilishni boshladi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar berdi.

Robotlashtirilgan kameraga ega noodatiy qurilmaning savdosi 2026-yil avgust oyida boshlanishi rejalashtirilgan.

Smartfonning asosiy xususiyati titan qotishmasidan tayyorlangan to‘rt o‘qli robotlashtirilgan kamera stabilizatoridir. Oddiy holatda kamera moduli korpus ichida yashirin turadi va suratga olish funksiyasi ishga tushirilganda 0,8 soniya ichida tashqariga chiqadi.

Kamera 360 daraja aylanishi, obyektlarni avtomatik kuzatishi hamda CIPA 5.5 darajasidagi mexanik barqarorlashtirish tizimidan foydalanishi mumkin. Bu harakatlanayotgan obyektlarni suratga olishda va yurib video yozishda tasvir tebranishini kamaytirishga yordam beradi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Honor Robot Phone’ning asosiy kamerasi f/1.6 diafragmali 200 MP sensor bilan jihozlanadi. Bundan tashqari, qurilmada 50 MP ultra keng burchakli kamera va 200 MP periskop telefoto moduli bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: Habr

Honor professional kino uskunalari ishlab chiqaruvchisi ARRI bilan hamkorlik qilmoqda. Shu sababli smartfon Log-C formatida video yozish va professional LUT rang profillaridan foydalanish imkoniyatini taklif qilishi mumkin. Bu funksiyalar videotasvir ranglarini keyinchalik batafsil tahrirlashga mo‘ljallangan.

Qo‘shimcha imkoniyatlar

Robotlashtirilgan kamera sun’iy intellekt bilan ishlash jarayonida vizual «hissiyotlarni» ham ifodalashi mumkin. Masalan, modul foydalanuvchi bilan muloqot paytida harakatlanib, burilib yoki obyektni kuzatib, qurilmani jonliroq ko‘rsatadi.

Smartfon Snapdragon 8 Elite Gen 5 platformasida ishlashi, 1,5K aniqlikdagi taxminan 6,4 dyuymli tekis ekran hamda 120 vatt quvvatli tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega bo‘lishi kutilmoqda. Qurilmaning yakuniy texnik xususiyatlari rasmiy taqdimot vaqtida ma’lum qilinadi.

Xitoyda oldindan buyurtma bergan xaridorlarga Yoyo shaxsiy yordamchisidan umrbod foydalanish, kengaytirilgan servis xizmati, aksessuarlar to‘plami, foizsiz bo‘lib to‘lash va eski qurilmani yangisiga almashtirish dasturi bo‘yicha chegirmalar taklif qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri eng kuchli Android smartfonlar reytingi e’lon qilingani haqida yozgan edi.