
OTMga qabul kvotalari, Prezident Davlat xavfsizlik xizmatida tayinlov — 18-iyul kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Rustam Jo‘rayev Prezident Davlat xavfsizlik xizmatiga rahbar bo‘ldi

Rustam Jo‘rayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga tayinlandi. Prezidentning tegishli farmoni bilan unga general-leytenant maxsus unvoni ham berilgan.
Jo‘rayev yangi lavozimga tayinlangunga qadar ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi. U ushbu lavozimni 2026-yil yanvarida egallagan va shu munosabat bilan Milliy gvardiya qo‘mondoni vazifasidan ozod etilgandi.
AQSh Eronga yettinchi tun ketma-ket yana zarba berdi

AQSh harbiylari Eron hududiga ketma-ket yettinchi tun davomida zarbalar berdi. Harbiy amaliyot prezident Donald Tramp vaqtinchalik sulh kelishuvi yakunlanganini e’lon qilganidan keyin boshlangan hujumlarning davomi bo‘ldi, deb xabar berdi BBC.
Markaziy qo‘mondonlik — CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar Eronning kuzatuv punktlari, harbiy-logistika infratuzilmasi, yerosti qurol omborlari va dengiz imkoniyatlariga qarshi qaratilgan. Operatsiyada jangovar samolyotlar, uchuvchisiz apparatlar, harbiy kemalar va boshqa vositalar qo‘llangan. Hujumlar AQSh sharqiy vaqti bilan soat 21:30 da, bir necha soatlik amaliyotdan keyin yakunlangan.
Donald Tramp Kanadadagi tutun uchun bojlarni oshirmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp Kanadadagi o‘rmon yong‘inlari tutuni Amerika hududiga tarqalgani sabab ushbu mamlakat tovarlariga qo‘llanayotgan bojlarni oshirish bilan tahdid qildi. Bu haqda Axios xabar berdi.
Tramp 17-iyul kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Kanada yong‘inlari oqibatida yuzaga kelayotgan ifloslanish xarajatlari mamlakat to‘layotgan tariflarga qo‘shilishi kerakligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Kanada rasmiylari o‘rmonlar va ulardagi quruq o‘simliklarni yetarlicha nazorat qilmagani sabab AQShga «iflos va sog‘liq uchun xavfli havo» kirib kelmoqda.
OTMga qabul kvotalari: qaysi yo‘nalishlarda grantlar oshdi

O‘zbekistonda davlat oliy ta’lim muassasalariga 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul kvotalari tasdiqlandi. Tegishli qaror Davlat komissiyasi tomonidan qabul qilindi.
Yangi qabul mavsumidagi asosiy o‘zgarishlardan biri axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlariga ajratiladigan davlat grantlari sonining 35 foizga ko‘paytirilgani bo‘ldi. Natijada IT va SI sohalarida o‘qishni rejalashtirayotgan abituriyentlar uchun davlat granti asosidagi o‘rinlar soni oshadi.
Semizlik Britaniyada 600 ming kishini ishsiz qoldirdi

Buyuk Britaniyada semizlik bilan bog‘liq sog‘liq muammolari sabab 600 mingdan ortiq kishi mehnat faoliyati bilan shug‘ullana olmayapti. Bu York universiteti tadqiqotchilari o‘tkazgan izlanish natijalarida qayd etildi, deb yozmoqda The Telegraph.
Mutaxassislar Buyuk Britaniyaning eng yirik biotibbiy ma’lumotlar bazasi — UK Biobank’dagi 284 mingdan ortiq ishtirokchining ma’lumotlarini tahlil qilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, mamlakatda qariyb 15 mln kishi ortiqcha vaznga ega. Ularning taxminan 4 foizi semizlik oqibatida yuzaga kelgan kasalliklar va boshqa sog‘liq muammolari sabab ishlamaydi.
Apple taxtni qaytardi: uning qiymati 4,9 trln dollarga yetdi

Apple bozor kapitallashuvi bo‘yicha Nvidia’ni ortda qoldirib, yana dunyodagi eng qimmat ochiq kompaniyaga aylandi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
17-iyul kungi savdolarda Nvidia aksiyalari 3,7 foizga arzonlashdi. Natijada grafik protsessorlar ishlab chiqaruvchisining bozor qiymati $4,8 trln gacha kamaydi. Apple aksiyalari esa 0,4 foizga qimmatlashib, kompaniya kapitallashuvini $4,9 trln ga yetkazdi.
Soliq imtiyozlari bo‘yicha murojaat 3 kunda ko‘rib chiqiladi

O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliq imtiyozlari bo‘yicha murojaat yuborish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qaror bilan «Jismoniy shaxslar tomonidan mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha soliq imtiyozlaridan foydalanish uchun elektron murojaat yuborish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish»ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.