Yangiliklar

Ozish kerak: semizlik Britaniyada 600 ming kishini ishsiz qoldirdi

Buyuk Britaniya hukumati semizlikka qarshi kurash choralarini kengaytirmoqda
Ozish kerak: semizlik Britaniyada 600 ming kishini ishsiz qoldirdi
Foto: Kursiv Media

Buyuk Britaniyada semizlik bilan bog‘liq sog‘liq muammolari sabab 600 mingdan ortiq kishi mehnat faoliyati bilan shug‘ullana olmayapti. Bu York universiteti tadqiqotchilari o‘tkazgan izlanish natijalarida qayd etildi, deb yozmoqda The Telegraph.

Mutaxassislar Buyuk Britaniyaning eng yirik biotibbiy ma’lumotlar bazasi — UK Biobank’dagi 284 mingdan ortiq ishtirokchining ma’lumotlarini tahlil qilgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, mamlakatda qariyb 15 mln kishi ortiqcha vaznga ega. Ularning taxminan 4 foizi semizlik oqibatida yuzaga kelgan kasalliklar va boshqa sog‘liq muammolari sabab ishlamaydi.

Tadqiqotchilar erkaklar semizlik bilan bog‘liq muammolar tufayli ayollarga qaraganda mehnat bozorini muddatidan oldin tark etishga ko‘proq moyil ekanini aniqladi. Bundan tashqari, semizlik tashxisi qo‘yilgan xodimlar normal vaznga ega kishilarga nisbatan qariyb ikki barobar ko‘proq kasallik ta’tiliga chiqadi.

Mualliflarning fikricha, semizlikning keng tarqalishi Buyuk Britaniya iqtisodiyotiga qo‘shimcha bosim yaratmoqda. Kasallik ta’tillarining ko‘payishi, mehnat unumdorligining pasayishi va fuqarolarning muddatidan oldin ish faoliyatini to‘xtatishi mamlakat iqtisodiyotiga har yili milliardlab funt zarar yetkazmoqda. Ushbu xulosalar Britaniya hukumatining avvalgi hisob-kitoblariga ham mos keladi.

Rasmiylar qanday chora ko‘rmoqda

Muammoning ko‘lami ortib borayotgani fonida Buyuk Britaniya hukumati semizlikka qarshi kurash choralarini kengaytirmoqda. Iyun oyida mamlakat bo‘ylab 12 ta tajriba loyihasi ishga tushirilishi e’lon qilindi. Dasturlar semizlikdan aziyat chekayotgan fuqarolarning zamonaviy vazn kamaytiruvchi dorilar, raqamli tibbiy xizmatlar, sun’iy intellekt vositalari va masofaviy tibbiy kuzatuvdan foydalanishini yengillashtirishni nazarda tutadi.

Loyihalarni moliyalashtirish uchun jami 85 mln funt sterling ajratiladi. Dastur Britaniya hukumati va Lilly farmatsevtika kompaniyasi hamkorligida amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Ispaniyadagi yirik o‘rmon yong‘ini 12 kishining umriga zomin bo‘lgani haqida yozgan edi.