Yangiliklar

Rustam Jo‘rayev Prezident Davlat xavfsizlik xizmatiga rahbar bo‘ldi

U yangi lavozimga tayinlangunga qadar ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi
Rustam Jo‘rayev Prezident Davlat xavfsizlik xizmatiga rahbar bo‘ldi
Foto: IIV

Rustam Jo‘rayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga tayinlandi. Prezidentning tegishli farmoni bilan unga general-leytenant maxsus unvoni ham berilgan.

Jo‘rayev yangi lavozimga tayinlangunga qadar ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi. U ushbu lavozimni 2026-yil yanvarida egallagan va shu munosabat bilan Milliy gvardiya qo‘mondoni vazifasidan ozod etilgandi.

Rustam Jo‘rayev 1968-yil 26-iyulda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U 1994-yilda Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlagan. Mehnat faoliyatini ichki ishlar organlarida boshlagan va keyinchalik Toshkent shahar IIBB, Namangan hamda Xorazm viloyatlari ichki ishlar boshqarmalarida rahbarlik lavozimlarida ishlagan. 2008–2012-yillarda Prezident devonida inspektor va bosh inspektor vazifalarini bajargan.

U 2017–2018-yillarda favqulodda vaziyatlar vaziri, 2018–2020-yillarda esa ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan. 2020-yil martidan 2026-yil yanvarigacha Milliy gvardiya qo‘mondoni bo‘lgan.

Prezidentning boshqa farmoni bilan Alisher Abrorovich Usmanov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimidan ozod etildi. U ushbu tuzilmani 2020-yil dekabridan buyon boshqarib kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Abdulla Abduqodirov Sardor Umurzakovga birinchi o‘rinbosar bo‘lgani haqida yozgan edi.