Yangiliklar

Soliq imtiyozlari bo‘yicha murojaat 3 kunda ko‘rib chiqiladi

my.gov.uz orqali elektron murojaat yuborishi mumkin
Soliq imtiyozlari bo‘yicha murojaat 3 kunda ko‘rib chiqiladi
Manba: BSS

O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliq imtiyozlari bo‘yicha murojaat yuborish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qaror bilan «Jismoniy shaxslar tomonidan mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha soliq imtiyozlaridan foydalanish uchun elektron murojaat yuborish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish»ning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Yangi tartibga ko‘ra, fuqarolar soliq imtiyozini qo‘llash uchun Elektron soliq xizmatlari portali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali elektron murojaat yuborishi mumkin.

Murojaat kelib tushgach, soliq organining mas’ul xodimi undagi ma’lumotlarni ikki ish kuni ichida o‘rganadi. Tekshiruv soliq organlarida mavjud axborotlar asosida amalga oshiriladi. Shundan so‘ng mol-mulk yoki yer solig‘i bo‘yicha imtiyozni qo‘llash yoxud uni rad etish to‘g‘risida xulosa rasmiylashtiriladi.

Qaror qayerga yuboriladi

Soliq organining qarori yana bir ish kuni ichida fuqaroning Elektron soliq xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga yoki my.gov.uz portaliga yuboriladi. Shunday qilib, murojaatni ko‘rib chiqish va natijani arizachiga yetkazish jarayoni jami uch ish kunigacha davom etadi.

Murojaat rad etilgan yoki kamchiliklar sabab qaytarilgan taqdirda, fuqaro aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etib, qayta ariza topshirish huquqiga ega. Takroriy murojaat ham reglamentda belgilangan tartib va muddatlarda yangidan ko‘rib chiqiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri bond omborlari uchun 15 ming kv.m talab belgilangani haqida yozgan edi.