Yangiliklar

Ugandada avtobus ag‘darilib, 21 kishi halok bo‘ldi

Hodisa oqibatida 20 nafar bola hamda bir nafar erkak voqea joyida yoki keyinchalik olgan jarohatlari tufayli vafot etgan
Ugandada avtobus ag‘darilib, 21 kishi halok bo‘ldi
Foto: Uganda politsiyasi

Ugandada maktab avtobusi yo‘ldan chiqib, ag‘darilishi oqibatida 20 nafar o‘quvchi va bir nafar voyaga yetgan kishi halok bo‘ldi. Fojia ortidan mamlakat hukumati barcha maktab sayohatlari va ekskursiyalarini noma’lum muddatga to‘xtatdi, deb xabar bermoqda DW.

Yo‘l-transport hodisasi 16-iyul kuni kechasi Kapchorva tumanining Chekvatit qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Kampala shahridagi King David Junior School maktabiga tegishli Suzuki avtobusi o‘quvchilarni Sipi sharsharalariga uyushtirilgan ta’limiy sayohatdan olib qaytayotgan edi.

Uganda politsiyasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha vakili Maykl Kananuraning ma’lum qilishicha, haydovchi transport vositasi boshqaruvini yo‘qotgan. Shundan so‘ng avtobus yo‘ldan chiqib ketib, yo‘l chetidagi katta toshga urilgan va ag‘darilgan.

Hodisa qanday yuz bergan

Foto: Anadolu

Hodisa oqibatida 20 nafar bola hamda bir nafar erkak voqea joyida yoki keyinchalik olgan jarohatlari tufayli vafot etgan. Uch nafar voyaga yetgan kishi va bir nechta o‘quvchi turli darajadagi tan jarohatlari bilan yaqin atrofdagi shifoxonalarga yetkazilgan. Jarohatlanganlarning aniq soni va shaxsi bo‘yicha ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda.

Politsiya e’lon qilgan suratlarda avtobusning tom qismi uzilib ketgani, salonidagi o‘rindiqlar esa ochilib qolgani ko‘rinadi. Uganda Qizil Xoch jamiyati tarqatgan lavhalarda jarohatlangan bolalar yengil avtomobillar va pikaplarda tibbiyot muassasalariga olib ketilgani aks etgan.

17-iyul kuni ertalab o‘quvchilarning ota-onalari va qarindoshlari Kampala shahridagi maktab hovlisiga yig‘ilib, farzandlarining holati haqida ma’lumot olishga uringan. Hodisa mamlakatda katta jamoatchilik rezonansiga sabab bo‘ldi.

Avtobusning texnik holati, haydovchining tezlikni oshirgani yoki boshqa qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygani hozircha tasdiqlanmagan. Politsiya halokatning aniq sabablarini aniqlash bo‘yicha tergov davom etayotganini va qo‘shimcha ma’lumotlar keyinroq e’lon qilinishini bildirgan.

Avvalroq «Kursiv» JSST Ebola virusi sababli xalqaro favqulodda holat e’lon qilgani haqida yozgan edi.