
Ispaniya va Argentina bugun, 19-iyul kuni New Jersey stadionida Jahon chempionati finalida maydonga tushadi. Final oldidan asosiy e’tibor Lionel Messining ehtimoliy so‘nggi mundial o‘yini, Lamin Yamal bilan ramziy avlodlar almashinuvi, chiptalarga talab, ob-havo va hakamlar brigadasiga qaratilgan.
Ispaniya final favoriti sifatida ko‘rilmoqda
Opta superkompyuteri hisob-kitoblariga ko‘ra, Ispaniya finalda g‘alaba qozonish uchun asosiy favorit hisoblanmoqda.
25 mingta simulyatsiya natijasida Ispaniya 59,6% holatda chempion bo‘lgan. Argentina esa 40,4% holatda amaldagi chempionlikni saqlab qolgan.
Asosiy vaqt bo‘yicha prognozda Ispaniyaning g‘alabasi 45%, durang natija 29%, Argentinaning 90 daqiqadagi g‘alabasi esa 26% deb baholangan.
Messi uchun so‘nggi Jahon chempionati bo‘lishi mumkin
Final atrofidagi asosiy mavzulardan biri Lionel Messi bilan bog‘liq. Ko‘pchilik bu uchrashuvni uning Jahon chempionatidagi so‘nggi o‘yini bo‘lishi mumkin deb hisoblamoqda.
Final oldidan muxlislar Messining so‘nggi mashg‘ulotlari, to‘purarlar poygasi va yosh ispaniyalik Lamine Yamal bilan bog‘liq ramziy voqealarga katta e’tibor qaratmoqda.
Messi muxlislarga hissiyotli murojaat qildi
Final arafasida Messi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida jamoadoshlari, murabbiylar shtabi va muxlislarga minnatdorlik bildirdi, deya xabar berdi Al Jazeera.
U Argentina terma jamoasidagi yillarini eslar ekan, eng qadrli narsa faqat sovrinlar emas, balki butun yo‘l, jamoa bilan birga kechgan kunlar, qiyin paytlarda tiklanish va har bir bosqichdan zavq olish bo‘lganini yozdi.
Finalni sloveniyalik hakam boshqaradi
Argentina va Ispaniya o‘rtasidagi finalni sloveniyalik hakam Slavko Vinchich boshqaradi.
46 yoshli hakam erkaklar o‘rtasidagi Jahon chempionati finalida ishlaydigan ilk sloveniyalik arbitr bo‘ladi. U avval 2024-yilgi UEFA Chempionlar ligasi finalini ham boshqargan.
Vinchich 2026-yilgi JChda uchta o‘yinda ishlagan, yettita sariq va bitta qizil kartochka ko‘rsatgan, penalti belgilamagan.
Nyu-Yorkda final oldidan tutun muammosi bor
Final oldidan Kanada o‘rmon yong‘inlari tutuni AQShning shimoli-sharqiy hududlariga, jumladan, Nyu-York atrofiga yetib kelgan.
Shu sabab ayrim hududlarda sog‘liq bo‘yicha ogohlantirishlar berilgan. Biroq hafta oxirida sovuq havo oqimi tutunning tarqalishiga yordam berishi kutilmoqda.
Final bo‘lib o‘tadigan New York New Jersey Stadium’da 80 mingdan ortiq muxlis, Manxettendagi Central Park’da esa yana 50 mingga yaqin tomoshabin o‘yinni kuzatishi kutilmoqda.
Darvozabonlar bahsi ham muhim bo‘ladi
Finalda Ispaniya darvozaboni Unai Simon va Argentina posboni Emiliano Martines o‘rtasidagi raqobat ham katta ahamiyatga ega bo‘lishi aytilmoqda.
Ispaniya turnir davomida yetti o‘yinda faqat bitta gol o‘tkazib yubordi. Simon 650 daqiqa davomida darvozasi daxlsizligini saqlab, turnirdagi eng uzun quruq seriyani qayd etdi.
Argentina esa yettita gol o‘tkazgan bo‘lsa-da, Martines katta o‘yinlarda kuchli xarakter ko‘rsata oladigan darvozabon sifatida tilga olinmoqda. U Qatar – 2022 finalidagi muhim seyvlaridan keyin hal qiluvchi vaziyatlarda ishonchli o‘ynashi bilan tanilgan.
Argentina muxlislari Nyu-Yorkni egalladi
Final oldidan Nyu-Yorkdagi Times Square maydoni Argentina muxlislari bilan to‘ldi. Shahar markazida ko‘k-oq rangli bayroqlar va formalar ko‘paygani, muhit Buenos-Ayresga o‘xshab ketgani aytilmoqda.
Argentina va Ispaniya finali 19-iyul, yakshanba kuni New York New Jersey Stadium’da bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq jahon chempionatining bronza medallari uchun kechgan o‘yinda Angliya terma jamoasi Fransiya ustidan 4:6 hisobida g‘alaba qozongandi. Ikki bo‘limda butunlay turlicha ssenariy ostida o‘tgan uchrashuvda inglizlar birinchi taymdayoq to‘rtta gol urishga erishdi.