
Ijtimoiy tarmoqda alkogolli ichimliklarni reklama qilgan bloger qonunchilik talablarini buzganligi sababli ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo’mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mita tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan reklama materiallarining «Reklama to‘g‘risida»gi Qonun talablariga muvofiqligi yuzasidan tizimli o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar davomida blogerning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida alkogolli ichimliklar reklamasi joylashtirilgani aniqlandi.
Qonunchilik nima deydi
«Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 38-moddasiga muvofiq, har qanday quvvatdagi alkogolli ichimliklarni reklama qilish taqiqlanadi. Faqat pivo, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolarni qonunchilikda belgilangan vaqt, shakl hamda auditoriyaga oid cheklovlarga rioya etilgan holda reklama qilishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda alkogolli ichimliklar reklamasini har qanday shaklda tarqatish qonunchilik bilan taqiqlangan.
Aniqlangan holat yuzasidan Raqobat qo‘mitasi tomonidan reklama qilinishi qonunchilik bilan taqiqlangan mahsulotni reklama qilgani uchun bloger N. Sobirov belgilangan tartibda ma’muriy javobgarlikka tortildi. Mazkur ish bo‘yicha tegishli hujjatlar sudga yuborildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qo‘mita Food City Tashkent hududida muz mahsulotlari savdosi uchun bir kunlik 737 ming so‘mlik yig‘im bekor qilinganini bildirgan edi. To‘lov tadbirkor murojaati asosida o‘rganilgan.