
O‘zbekistonda «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali ajratiladigan stipendiya mablag‘laridan foydalanish yo‘nalishlari kengaytiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Prezident qaroriga ko‘ra, Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi faoliyati Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari tajribasi asosida tashkil etiladi. Shuningdek, oliy maktab va texnikumlar o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Texnikum bitiruvchilari uchun nima yangilik
Integratsiyalashgan ta’lim dasturlari joriy etilgan texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga Oliy maktabning tegishli bakalavriat yo‘nalishlarida kirish imtihonlarisiz o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Bundan tashqari, integratsiyalashgan ta’lim dasturlari asosida tahsil olgan o‘quvchilarning kreditlari xorijdagi yetakchi hamkor oliy ta’lim muassasalari tomonidan tan olinishi ta’minlanadi.
«El-yurt umidi» yangi xarajatlarni moliyalashtiradi
Qarorga muvofiq, 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlarning ayrim xarajatlarini «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiya dasturlari doirasida moliyalashtirishga ruxsat berildi.
Jumladan, Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi va boshqa oliy ta’lim muassasalari tomonidan amalga oshirilayotgan integratsiyalashgan ta’lim dasturlarida tahsil olayotgan hamda Top-300 talikka kiruvchi xorijiy yoki sohaviy yetakchi oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni uzluksiz davom ettirish imkoniga ega bo‘lgan talabalarning xorijdagi ta’limini tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlari qoplanadi.
Shuningdek, mazkur oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat yo‘nalishlariga shartli qabul qilingan talabgorlar uchun Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi va boshqa mahalliy oliy ta’lim muassasalarida tashkil etiladigan foundation dasturlarining birinchi bosqich (1-kurs) kontrakt to‘lovlari ham moliyalashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2030-yilgacha 1,5 ming nafar yangi avlod rahbar kadrlar zaxirasi yaratilishi haqida yozgan edik.