Yangiliklar

Issiqda xodimlarni himoya qilish uchun hokimliklarga ko‘rsatma yuborildi

Dam olish joylari tashkil etiladi
Issiqda xodimlarni himoya qilish uchun hokimliklarga ko‘rsatma yuborildi
Foto: Obodonlashtirish boshqarmasi

Anomal issiq ob-havo sharoitida ochiq havoda ishlayotgan obodonlashtirish xodimlarining sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha barcha hokimliklarga ko‘rsatma yuborildi. Davlat mehnat inspeksiyasi soat 10:00 dan 17:00 gacha xavfli ishlarni vaqtincha to‘xtatish va moslashuvchan ish rejimini joriy etishni talab qildi.

Hokimliklarga aniq talablar qo‘yildi

Ko‘rsatmada yuqori harorat xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan hollarda ochiq havodagi ishlarni vaqtincha to‘xtatish belgilangan.

Shuningdek, ish beruvchilar xodimlarni yetarli miqdorda sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashi kerak.

Dam olish joylari tashkil etiladi

Ochiq havoda ishlaydigan xodimlar uchun quyosh nurlari va issiqdan himoyalangan dam olish joylari tashkil qilinishi lozim.

Xodimlar shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanadi, mehnat va dam olish rejimi qayta ko‘rib chiqiladi.

Tibbiy nazorat kuchaytiriladi

Majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki tibbiy xulosaga ko‘ra ishga yaroqsiz deb topilgan shaxslar ishga qo‘yilmaydi.

Agar yuqori harorat ta’sirida xodimning sog‘lig‘i yomonlashsa, unga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilishi kerak.

Ko‘rsatma ijrosi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi. Mehnatni muhofaza qilish talablarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq jazirama insonlarning 56 soatlik uyqusini «o‘g‘irlayotgani» xabar qilingandi. Climate Central tadqiqotiga ko‘ra, 2020 – 2025-yillarda sayyora aholisi issiq tunlar sabab yiliga o‘rtacha 56 soat uyqudan ayrilgan.