
Jahon chempionati finali, hokimliklarga ko‘rsatma – 20-iyulda e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Ispaniya Jahon chempioni! «Qizil furiya» finalda Argentinadan ustun keldi

AQShning Nyu-York shahrida futbol bo‘yicha Jahon chempionatining final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda Ispaniya va Argentina terma jamoalari o‘zaro kuch sinashib, yakunda ispanlar amaldagi chempionlarini mag‘lubiyatga uchratdi.

Uchrashuvni har ikki jamoaning asosiy yulduzlari Lamin Yamal va Lionel Messi boshlang‘ich tarkibda boshladi. Birinchi bo‘limda ispaniyaliklar faol harakat qilib, to‘p nazoratini o‘z qo‘llariga olishdi. Janubiy Amerika vakillari esa asosan qisqa va tezkor qarshi hujumlar tashkil etish bilan cheklanishdi.
Fond bozori: 18 ta yuqori likvidli aksiya haftani ijobiy yakunladi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 10-iyuldan 17-iyulgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatdi. Ammo UCI fond indeksi 4,81 foizga tushdi.
Ushbu davr mobaynida «Buxoroneftgazparmalash» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 14,13 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Hamkorbank» (+9,90%) va «O‘zbektelekom» aksiyalarida (+7,13%) ham o‘sish qayd etildi.
Issiqda xodimlarni himoya qilish uchun hokimliklarga ko‘rsatma yuborildi

Anomal issiq ob-havo sharoitida ochiq havoda ishlayotgan obodonlashtirish xodimlarining sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha barcha hokimliklarga ko‘rsatma yuborildi. Davlat mehnat inspeksiyasi soat 10:00 dan 17:00 gacha xavfli ishlarni vaqtincha to‘xtatish va moslashuvchan ish rejimini joriy etishni talab qildi.
Hokimliklarga aniq talablar qo‘yildi
Ko‘rsatmada yuqori harorat xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan hollarda ochiq havodagi ishlarni vaqtincha to‘xtatish belgilangan.
Toshkentda 607 mln so‘mlik noqonuniy tamaki fosh etildi

Toshkent shahrida aksiz markasiz tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangan uch nafar shaxs aniqlandi. Ulardan umumiy qiymati 607 mln so‘mlik 23 ming 306 quti tamaki mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olindi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Departament.
Departamentning Toshkent shahri boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida Mirobod tumanidagi Bayot mahallasi hududida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda muqaddam sudlangan fuqaro xonadonida sotish maqsadida umumiy qiymati 261,6 mln so‘mlik 15 turdagi 11 ming 675 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotini saqlab kelayotgani aniqlandi.
Brent neftining narxi 90 dollardan oshdi

Yaqin Sharqda harbiy harakatlarning kuchayishi fonida brent neftining narxi 90 dollardan oshdi. Bu haqda Axios nashri xabar bermoqda.
19-iyul kuni Brent neftining narxi bir barrel uchun $90,88 gacha ko‘tarildi. Savdolar davomida kotirovkalar $90,96 darajasiga ham yetgan. Taqqoslash uchun, 19-iyunda Brent narxi $77,90 bo‘lgan, 6-iyulga kelib esa $71,59 gacha pasaygandi. Shundan so‘ng neft qariyb uch hafta ichida 27 foizga qimmatlashdi.
Germaniya emas Rossiya: «Dinamo» va «Rubin» Jahongir O‘rozov transferini kelishdi

Samarqandning «Dinamo» klubi va Qozonning «Rubin» jamoasi O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Jahongir O‘rozov transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda «Dinamo» bosh murabbiyi Vadim Abramov «Qizilqum»ga qarshi uchrashuvdan keyin ma’lum qildi.
Abramovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya klubi futbolchining transferi yuzasidan Samarqand jamoasiga rasmiy murojaat yo‘llagan. «Dinamo» ushbu xatga javob qaytargan va tomonlar o‘tish shartlarini kelishib olgan.
Qarshi jamoat transporti parki yana 38 ta yangi avtobus bilan to‘ldirildi

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahriga jamoat transporti tizimini rivojlantirish doirasida 38 ta zamonaviy avtobus olib kelindi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Yangi transport vositalari tadbirkorlar tomonidan xarid qilinib, brutto-shartnoma tizimida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 22,9 foizga ko‘paydi
O‘zbekistonda 2026-yil 1-iyul holatiga mamlakatda 20 ming 502 ta xorijiy kapital ishtirokidagi korxona faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari e’lon qilindi.
Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 3 817 taga yoki 22,9 foizga ko‘p.
Javohir Sindarov va Bibisora Assaubayeva JCh bahsini stadiondan tomosha qildi

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov va qozog‘istonlik taniqli shaxmatchi Bibisora Assaubayeva 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining uchinchi o‘rin uchun kechgan Fransiya – Angliya uchrashuvini stadiondan kuzatdi.
Bibisora Assaubayeva ushbu tashrifdan olingan surat va videolarni Instagram sahifasida e’lon qildi. Unda u Javohir Sindarov bilan birga stadionda tushgan suratlarini ham bo‘lishgan.