Yangiliklar

Jaziramada nega elektr ta’minotidagi muammolar ko‘paymoqda — vazirlik tushuntirish berdi

Mutaxassislar jazirama kunlarda elektr tarmoqlari nega ko‘proq qizishi va avariya xavfi ortishining asosiy sabablarini tushuntirdi
Ehtiyot bo‘ling! 13–17-iyul kunlari O‘zbekistonda anomal issiq kuzatiladi
Jaziramada nega elektr ta’minotidagi muammolar ko‘paydi / Foto: Kursiv Uzbekistan

Jazirama kunlarda elektr tarmoqlari va transformatorlarning qizishi, muammo chiqishi bir vaqtning o‘zida bir nechta omil ta’sirida yuz beradi. Energetika vazirligi shu kabi omillarni ma’lum qildi.

Sovitish samaradorligi

Mutaxassislar ta’kidlashicha, transformatorlar, podstansiyalar va elektr uzatish tarmoqlari tashqi havo hisobiga soviydi. Havo harorati 40–45 °C gacha ko‘tarilganda uskunalarni sovitish samaradorligi keskin pasayadi. Natijada ularning ichki harorati odatdagidan tezroq oshadi.

Elektr iste’molidagi yuklama

Yoz oylarida konditsionerlar, muzlatkichlar, sovitish uskunalari, shuningdek, sanoat va xizmat ko‘rsatish obyektlarining yuqori quvvatda ishlashi elektr tarmoqlaridagi yuklamani sezilarli darajada oshiradi. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, elektr yuklamasi ikki baravar oshganda simlar va transformatorlarda ajraladigan issiqlik qariyb to‘rt baravar ko‘payadi.

Quyosh nurlari va uskunaning o‘zidagi issiqlik

Ochiq maydonda joylashgan transformator punktlari, podstansiyalar, metall shkaflar va yuqori kuchlanishli uskunalar kun davomida to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nurlari ta’sirida qiziydi. Havo harorati +40 °C bo‘lganda metall korpuslar 55–70 °C gacha qizishi, qora rangli metallarda esa bu ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, transformatorlarning mis yoki alyuminiy chulg‘amlari, magnit o‘zagi hamda elektr yo‘qotishlari doimiy ravishda issiqlik hosil qiladi. Yuklama ortishi bilan bu issiqlik ham ko‘payadi. Shu sababli tashqi korpusi 70 °C bo‘lgan transformatorning ichki chulg‘ami harorati 100 °C dan yuqori bo‘lishi mumkin.

Issiq kunlarda avariya xavfi

Mutaxassislar qayd etishicha, havo harorati 40–45 °C bo‘lgan kunlarda elektr tarmoqlari yuqori harorat, quyosh nurlari va katta elektr yuklamasi ta’sirida ishlaydi. Bunday sharoitda transformator korpuslari 55–80 °C, elektr simlari 60–90 °C, transformator chulg‘amlari esa 80–110 °C gacha qizishi mumkin.

Shu bois jazirama kunlarda elektr ta’minoti tizimida har qanday qo‘shimcha yuklama yoki texnik nosozlik avariya ehtimolini oshiradi. Energetiklar bunday davrda tarmoqlarni doimiy nazorat qilib, yuklamani qayta taqsimlaydi hamda yuzaga kelgan nosozliklarni tezkor bartaraf etish choralarini ko‘radi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 19-iyul kuni yagona energetika tizimining maksimal yuklamasi kechki eng yuqori soatlarda 13,8 GVtga yetib, yangi rekord qayd etilgan edi.