Yangiliklar

Meta kompaniyasi Anthropic bilan 10 mlrd dollarlik bitim imzolaydi

Ehtimoliy kelishuv Meta uchun yangi biznes yo‘nalishini ochib beradi
Meta Anthropic bilan 10 mlrd dollarlik bitim imzolaydi
Foto: Getty Images

Meta sun’iy intellekt sohasidagi Anthropic kompaniyasiga $10 mlrd qiymatdagi hisoblash quvvatlarini taqdim etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda muzokaralardan xabardor manbalarga tayanib, The New York Times xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, Anthropic ushbu taklifni Meta kompaniyasiga iyun oyida taqdim etgan. Muzokaralar hali dastlabki bosqichda bo‘lgani sababli kelishuvning batafsil shartlari oshkor qilinmagan. Dastlabki rejaga ko‘ra, Anthropic hisoblash quvvatlari uchun $10 mlrdni ikki yil davomida oylik to‘lovlar shaklida to‘lashi mumkin.

Nashrning qayd etishicha, ehtimoliy kelishuv Meta uchun yangi biznes yo‘nalishini ochib beradi. Kompaniya o‘z ma’lumotlar markazlaridagi quvvatlarning bir qismini boshqa sun’iy intellekt ishlab chiquvchilariga ijaraga berib, infratuzilmaga yo‘naltirilgan katta investitsiyalardan qo‘shimcha daromad olishni rejalashtirmoqda.

Meta bir tomondan o‘z ma’lumotlar markazlarini qurayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan tashqi provayderlardan ham hisoblash quvvatlarini ijaraga olmoqda. Kompaniya CoreWeave va Nebius Group kabi neoklaud operatorlari bilan tegishli kelishuvlar tuzgan.

Avvalroq «Kursiv» Meta Platforms dasturlash uchun AI-agentlar bozoriga kirgani haqida yozgan edi.