
BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi yig‘ilishda O‘zbekistonning barqaror urbanizatsiya va uy-joy siyosati borasida amalga oshirilayotgan islohotlari xalqaro hamjamiyatga taqdim etildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Urbanizatsiya darajasi 51 foizga yetdi
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyevning ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda urbanizatsiya darajasi 40 foizdan 51 foizga oshdi. Hozir O‘zbekistonning qariyb 20 million aholisi shaharlarda yashamoqda, 2040-yilga borib mazkur ko‘rsatkichni 65 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Uy-joy qurilishi 10 barobar oshdi
Ta’kidlanishicha, 2016-yildan buyon yillik uy-joy qurilishi hajmi 10 barobarga ko‘paygan. So‘nggi sakkiz yilda 120 million kvadrat metrga yaqin uy-joy foydalanishga topshirilgan, 540 mingdan ortiq oila esa imtiyozli ipoteka va uy-joy subsidiyalaridan foydalangan.
«Yangi Toshkent» loyihasi namoyish etildi
Forum doirasida «Yangi Toshkent» loyihasi «yashil», «aqlli» va xavfsiz shahar konsepsiyasi asosida barpo etilayotgan zamonaviy urbanizatsiya namunasi sifatida taqdim qilindi.
BMT bilan yangi hamkorliklar muhokama qilindi
Tashrif davomida BMT-Xabitat va BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Tomonlar 2030-yilda Butunjahon shaharlar forumini O‘zbekistonda o‘tkazish, Toshkentda BMT-Xabitat vakolatxonasini ochish hamda mamlakatning uy-joy va yer resurslari bo‘yicha yangi sharhini tayyorlash masalalarini muhokama qildi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda kvartiralar narxi bir yilda 5,5 foizga oshgani haqida yozgandi.