Yangiliklar

O‘zbekiston qamoqxonalardagi mahbuslar soni bo‘yicha 166-o‘rinni egalladi

Markaziy Osiyodagi eng past natijalardan biri sifatida qayd etildi
afv
Foto: Pexels.com

O‘zbekistonda har 100 ming aholiga 85 nafar mahbus to‘g‘ri keladi. Bu haqda Jinoyatchilik va adolat siyosati tadqiqotlari institutining 2025-yilgi hisoboti e’lon qilindi.

Mazkur ko‘rsatkich mamlakatni dunyo reytingida 166-o‘ringa olib chiqdi hamda Markaziy Osiyodagi eng past natijalardan biri sifatida qayd etildi.

Markaziy Osiyoda eng past ko‘rsatkichlardan biri

Hisobotga ko‘ra, mintaqa davlatlari orasida Turkmaniston har 100 ming aholiga 576 nafar mahbus bilan dunyoda 4-o‘rinni egallagan. Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 163 nafar (103-o‘rin), Tojikistonda 145 nafar (112-o‘rin), Qirg‘izistonda esa 112 nafarni (145-o‘rin) tashkil etgan.

Salvador yetakchi, Yaman eng past pog‘onada

Dunyoda eng yuqori qamoqqa olish darajasi Salvadorda qayd etilgan bo‘lib, u yerda har 100 ming aholiga 1 659 nafar mahbus to‘g‘ri keladi. Eng past ko‘rsatkich esa Yamanda kuzatilgan — 14 nafar.

Rivojlangan davlatlar ko‘rsatkichlari

Hisobotda AQSh har 100 ming aholiga 542 nafar mahbus bilan rivojlangan davlatlar orasida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga ega ekani qayd etilgan. Avstraliyada bu raqam 170, Buyuk Britaniyada 138, Fransiyada 126, Kanadada 90, Germaniyada 71, Yaponiyada esa 33 nafarni tashkil qiladi.

Statistika qanday shakllantirilgan

Reytingda jinoyat ishlari bo‘yicha tergov ostida bo‘lgan yoki sud hukmi bilan jazoni o‘tayotgan shaxslar hisobga olingan. Ma’muriy tartibda hibsga olingan fuqarolar esa ushbu statistikaga kiritilmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Urgut tumani prokurori o‘rinbosari pora bilan ushlangani haqida yozgandi.