
O‘zbekistonda xalqaro ta’lim standartlari asosida integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini rivojlantirish maqsadida yangi oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Prezidentning «Respublikada xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning IQF – Integrated Qualifications Framework ta’lim tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Xalqaro malakalar va baholash markaziga bir qator qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.
Xalqaro standartlarga mos ta’lim dasturlari
Markaz ishlab chiqilgan integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini QS (Quacquarelli Symonds) yoki THE (The Times Higher Education) xalqaro reytinglarining Top-100 taligiga kiruvchi hamkor oliy ta’lim muassasalari akademik talablari bilan solishtirib, ularga moslashtiradi.
Shuningdek, Top-100 talikdagi oliy ta’lim muassasalari tomonidan tan olinadigan bakalavriatning «1+3», «2+2» hamda magistraturaning «1+1» ta’lim modellari ishlab chiqiladi.
Xorijiy universitetlar bilan hamkorlik
Qarorga muvofiq, O‘zbekistonda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari diplomini berishga yo‘naltirilgan kampuslar, filiallar, franshizalar, ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazlari va boshqa tuzilmalarni tashkil qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishish ham Markazning ustuvor vazifalaridan biri etib belgilandi.
Buyuk Britaniyaning ilg‘or tajribasi asosida integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini yanada keng joriy etish maqsadida tajriba-sinov tariqasida Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijda o‘qiyotgan talabalar va ish beruvchilarni bog‘lovchi platforma ishga tushirilishi haqida yozgan edik.