
2026-yilning ikkinchi choragida O‘zbekistonda uy-joy narxlari o‘sishda davom etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan ko‘chmas mulk narxlari o‘rtacha 4 foizga qimmatlashgan.
Kvartiralar hovli uylardan tezroq qimmatlashdi
Hisobotga ko‘ra, eng katta narx o‘sishi kvartiralar segmentida qayd etildi. Bir yil davomida kvartiralar narxi 5,5 foizga oshgan bo‘lsa, yakka tartibdagi uylar 2 foizga qimmatlashgan.
Birlamchi bozorda o‘sish yuqori
Yangi qurilgan uy-joylarga talab yuqoriligicha qolmoqda. Natijada birlamchi bozordagi kvartiralar narxi yillik hisobda 7,1 foizga, ikkilamchi bozorda esa 4,2 foizga ko‘tarilgan.
Hududlarda narxlar tezroq o‘smoqda
Toshkent shahrida kvartiralar narxi bir yil ichida 3,9 foizga oshgan bo‘lsa, boshqa hududlarda bu ko‘rsatkich 7 foizni tashkil qildi. Birlamchi bozorda hududlardagi narxlar 8,7 foizga qimmatlashib, poytaxtdagi 5 foizlik o‘sishdan yuqori natijani qayd etdi.
Ikki yilda uy-joylar o‘rtacha 6,8 foiz qimmatlashgan
2024-yil bazis davri sifatida olinganda, 2026-yilning ikkinchi choragiga kelib uy-joy narxlari indeksi 106,8 foizga yetdi. Bu esa so‘nggi ikki yil ichida mamlakatda ko‘chmas mulk narxlari o‘rtacha 6,8 foizga oshganini anglatadi. Kvartiralar narxi 7,1 foizga, yakka tartibdagi uylar esa 6,1 foizga qimmatlashgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-oktabrdan qurilish uchun yagona ID talab etilishi haqida yozgandi.