
Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tumani sudi «Rayxon oilaviy milliy taomlari» ta’sischisi Odilxon Ismoilov va yana olti nafar shaxsga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqib, hukm chiqardi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Yetti nafar sudlanuvchi aybdor deb topildi
Sud hukmiga ko‘ra, jami yetti nafar sudlanuvchi o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab soxtakorligi, hujjatlarni noqonuniy egallash hamda qalbakilashtirish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Asoschiga qariyb 8 yillik jazo tayinlandi
Sud Ismoilovni 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga muvofiq, uning jazosi 7 yil 11 oy 28 kun etib hisoblandi. Qolgan olti nafar sudlanuvchiga esa sodir etgan qilmishiga qarab turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlandi.
Moddiy zarar undiriladi
Sud qaroriga ko‘ra, jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy zarar sudlanuvchilardan solidar tartibda undiriladi. Hukm ustidan belgilangan muddatda Namangan viloyat sudining apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasiga shikoyat yoki protest kiritish mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yanvar oyida Shayx Zayniddin va Xo‘ja Alambardor jome masjidlari sobiq imom-xatibi Odilxon Ismoilov jinoyat ishi doirasida qamoqqa olingani haqida yozgandi.