Yangiliklar

Saudiya Arabistoni bir yil muddatdagi ko‘p martalik Umra vizasini joriy etdi

Viza berilgan kundan boshlab 365 kun davomida amal qiladi
Makkaga safar: 2026-yilgi haj ziyorati uchun millionlab musulmonlar jam bo‘ldi
Saudiya Arabistoni bir yil muddatdagi ko‘p martalik Umra vizasini joriy etdi / Foto: Ibraheem Abu Mustafa / Reuters

Saudiya Arabistoni Umra ziyoratchilari uchun bir yil amal qiladigan ko‘p martalik vizani ishga tushirdi. Bu haqda Middle East Online nashri ma’lum qildi.

Viza bir yil davomida amal qiladi

Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi tomonidan joriy etilgan yangi Umra vizasi berilgan kundan boshlab 365 kun davomida amal qiladi. Mazkur viza egalariga mamlakatga bir necha bor kirish imkonini beradi.

Shu bilan birga, vizadan foydalanuvchilar Saudiya Arabistonida umumiy hisobda 90 kungacha bo‘lishlari mumkin. $230 qiymatidagi ushbu vizadan O‘zbekiston fuqarolari ham foydalanish huquqiga ega.

Har bir tashrif uchun alohida xizmat paketi

Yangi tartibga ko‘ra, har bir tashrif oldidan ziyoratchi Nusuk platformasida tasdiqlangan xizmat ko‘rsatuvchi provayderdan xizmat paketini xarid qilishi lozim. Paketning amal qilish muddati vizada qolgan kunlar sonidan oshmasligi kerak.

Bundan tashqari, Saudiya Arabistoniga kirishdan oldin Nusuk mobil ilovasi orqali Umra ruxsatnomasini rasmiylashtirish majburiy hisoblanadi.

Viza har chiqishdan so‘ng qayta faollashtiriladi

Vazirlik ma’lum qilishicha, ziyoratchi mamlakatni tark etgach, viza vaqtincha faoliyatini to‘xtatadi. Keyingi tashrif uchun belgilangan talablar bajarilgach, u yana faollashtiriladi.

Qayd etilishicha, yangi tizim ziyoratchilarga safarlarini yanada qulay rejalashtirish imkonini yaratadi hamda butun ziyorat jarayonida raqamli va operatsion xizmatlar integratsiyasini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-iyuldan Yaponiyada bir martalik viza narxi 93 dollar bo‘lishi haqida yozgan edik.