
O‘zbekistonning shahar hududlarida kanalizatsiya xizmatlari qamrovi 80 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shavkat Mirziyoyev ichimlik va oqova suv xizmatlarini rivojlantirish va sohani raqamlashtirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda ichimlik va oqova suv sohasiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 barobar oshib, $2,7 mlrdga yetgan. Natijada aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 2017-yildagi 63 foizdan qariyb 83 foizga ko‘tarilgan.
Shu davrda 7,7 mln aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 11 mln aholining suv ta’minoti yaxshilandi, 1,1 mln kishi kanalizatsiya tizimiga ulandi. Bundan tashqari, 39 ming kilometr ichimlik suvi va 3,2 ming kilometr oqova suv tarmoqlari qurildi hamda rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, 3,4 mingta ichimlik suvi va 295 ta oqova suv inshooti hamda nasos stansiyasi barpo etildi yoki yangilandi.

Qamrov kengaytiriladi
Kelgusi yillarda ichimlik suvi ta’minotini 90 foizga, shaharlarda kanalizatsiya xizmatlari qamrovini esa 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun qo‘shimcha $1,3 mlrd investitsiya jalb etilishi ko‘zda tutilgan.
Yil yakuniga qadar umumiy qiymati $600 mlnlik loyihalar amalga oshiriladi. Ular doirasida 1,6 ming kilometr ichimlik suvi va 387 kilometr kanalizatsiya tarmoqlari, 80 ta ichimlik suvi hamda 29 ta oqova suv inshooti quriladi. Natijada 107 ta mahalladagi 310 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 453 ta mahalladagi 2,5 mln aholining suv ta’minoti yaxshilanadi.
Shuningdek, 513 ta mahallaga markazlashgan ichimlik suvi yetkazish, yana 3 mingta mahallada suv ta’minoti sifatini oshirish hamda 232 mingta suv kolonkasi o‘rniga tarmoqlarni bevosita xonadonlargacha tortish vazifalari belgilandi.

Hududlardagi yirik loyihalar
Davlat rahbari mavjud muammolarni ham ko‘rsatib o‘tdi. Jumladan, Andijon shahridagi kanalizatsiya tizimidagi muammolarni bartaraf etish uchun 107 mlrd so‘m ajratildi. Sergeli tumanida yoqimsiz hid tarqalishining oldini olish maqsadida zamonaviy filtrlarni o‘rnatish ishlari boshlandi.
Surxondaryo viloyatida To‘palang suv omboridan ichimlik suvi yetkazish loyihasi doirasida tarmoq Termiz shahrigacha olib kelindi. Yil oxiriga qadar Sherobod, Muzrabot, Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlariga ham suv yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Qashqadaryo viloyatida esa qiymati $217 mlnlik «Hisorak» suv omboridan ichimlik suvi olib kelish loyihasini jadallashtirish topshirildi. Mazkur loyiha Qamashi, G‘uzor, Qarshi tumani va Qarshi shahridagi 1,1 mln aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini beradi.

Sohani raqamlashtirish va moliyaviy barqarorlik
Taqdimotda suv ta’minoti korxonalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi. Ichimlik suvini ishlab chiqarish va iste’molchilarga yetkazib berish vazifalarini ajratish, Magistral suv ta’minoti korxonasini tashkil etish hamda Idoralararo tarif komissiyasini tuzish taklif qilindi. Shuningdek, 2027-yil 1-apreldan budjet tashkilotlari uchun yagona tarifni joriy etish vazifasi belgilandi.
2030-yilga borib mamlakatda ichimlik suvi iste’moli yana 230 million kub metrga oshishi prognoz qilinayotgani sababli suv resurslarini samarali boshqarish bo‘yicha yangi vazifalar belgilandi. Jumladan, iste’molchilar bilan hisob-kitoblarni to‘liq onlayn tizimga o‘tkazish, masofadan ma’lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarini o‘rnatish, «SCADA», «GIS», telemetriya va yagona billing tizimlarini keng joriy etish orqali suv yo‘qotishlarini 35 foizdan 25 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, SI asosida nasos uskunalarini tahlil qilish, avariyalar va suv sizib chiqishini oldindan aniqlash, iste’mol hajmini prognozlash hamda murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish bo‘yicha loyihalar taqdim etildi. Sohaga malakali kadrlar tayyorlash maqsadida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universitetida alohida fakultet ochish, texnikumlarda esa dual ta’limni yo‘lga qo‘yish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2030-yilgacha 1,5 ming nafar yangi avlod rahbar kadrlar zaxirasi yaratilishi haqida xabar bergan edik.