Yangiliklar

Toshkentda 607 mln so‘mlik noqonuniy tamaki fosh etildi

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda
Toshkentda 607 mln so‘mlik noqonuniy tamaki fosh etildi
Foto: Departament

Toshkent shahrida aksiz markasiz tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangan uch nafar shaxs aniqlandi. Ulardan umumiy qiymati 607 mln so‘mlik 23 ming 306 quti tamaki mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olindi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Departament.

Departamentning Toshkent shahri boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida Mirobod tumanidagi Bayot mahallasi hududida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda muqaddam sudlangan fuqaro xonadonida sotish maqsadida umumiy qiymati 261,6 mln so‘mlik 15 turdagi 11 ming 675 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotini saqlab kelayotgani aniqlandi.

Foto: Departament

Shayxontohur tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida yana bir fuqaro Labzak mahallasidagi xonadonida noqonuniy savdoga chiqarish uchun 297,4 mln so‘mlik 70 turdagi 10 ming 567 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotini saqlagani ma’lum bo‘ldi.

Sergeli tumanidagi «Dehqon bozori» hududida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa shaxs ikki quti aksiz markasiz tamaki mahsulotini sotayotgan vaqtida ushlandi. Tekshiruv davomida undan umumiy qiymati 48 mln so‘mlik 1 ming 64 quti aksiz markasiz tamaki mahsuloti olindi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-1-moddasi — etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jizzaxda 1,9 mlrd so‘mlik keshbek talon-toroj qilingani haqida yozgan edi.