
Xitoyda kuzatilayotgan kuchli issiq fonida ayrim ota-onalar chaqaloqlarni salqinlatish uchun ularning yoniga yirik mum qovoqlar va tarvuzlar qo‘ya boshladi. Hajmi deyarli bolaning o‘ziga teng bo‘lgan mevalarni quchoqlab uxlayotgan chaqaloqlar tasvirlangan suratlar mamlakat ijtimoiy tarmoqlarida ommalashdi.
Qovoq, shuningdek, qishki qovun nomi bilan ham tanilgan. Uning tarkibi qariyb 95 foiz suvdan iborat bo‘lgani sababli, meva uzoq vaqt salqinligini saqlaydi va atrofdagi issiqlikni asta-sekin o‘ziga oladi. Shu bois ayrim oilalar uni jazirama kunlarda tabiiy sovitish vositasi sifatida ishlatmoqda. Xuddi shu maqsadda tarvuz kabi suvga boy boshqa yirik mevalardan ham foydalanilmoqda.
Biroq Xitoyda aynan qishki qovun ko‘proq ommalashgan. An’anaviy xitoy tabobatida ushbu meva issiqni yengilroq o‘tkazishga yordam berishi mumkin, deb hisoblanadi. Uning eti va po‘stlog‘i turli taomlar hamda xalq tabobati retseptlarida qo‘llanadi.
Qishki qovun uzunligi 60 santimetrgacha yetishi, og‘irligi esa 9 kilogrammdan oshishi mumkin. Meva odatda kuzda yig‘ib olinadi. Qalin po‘stlog‘i tufayli u tegishli sharoitda deyarli bir yilgacha saqlanishi mumkin.
Mutaxassislar esa qovoq yoki tarvuzni chaqaloq yoniga qo‘yish issiqdan himoyalanishning ishonchli usullarini almashtirmasligini ta’kidlamoqda. Go‘daklar uchun xonadagi haroratni me’yorida saqlash, havoni aylantirish, yengil kiyim tanlash va organizmning qizib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik muhimroq hisoblanadi.
Avvalroq «Kursiv» jazirama insonlarning 56 soatlik uyqusini «o‘g‘irlayotgani» haqida yozgan edi.