Yangiliklar

2026/2027-o‘quv yili uchun klinik ordinaturaga qabul boshlandi

Hujjatlar 20-avgustgacha qabul qilinadi
2026/2027-o‘quv yili uchun klinik ordinaturaga qabul boshlandi
Foto: ssv.uz

Sog‘liqni saqlash vazirligi 2026/2027-o‘quv yili uchun klinik ordinatura (rezidentura)ga qabul boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda vazirlik rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Hujjatlar 2026-yil 20-avgust soat 23:59 ga qadar qabul qilinadi.

Hujjatlar faqat elektron shaklda topshiriladi

Nomzodlar hujjatlarini faqat medtoifa.ssv.uz axborot tizimi orqali elektron shaklda topshirishi mumkin. Har bir talabgor bitta qabul mavsumida faqat 1 ta ta’lim muassasasi va 1 ta mutaxassislikni tanlash huquqiga ega.

Test sinovlari 25 – 30-avgust kunlari o‘tkaziladi

Kirish testlari 25 – 30-avgust kunlari Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tasdiqlagan jadval asosida tashkil etiladi.

Qabul natijalari sentabrda e’lon qilinadi

Qabul yakunlari e’lon qilinib, o‘qishga qabul qilish bo‘yicha buyruqlar 2026-yil 10-sentabrga qadar rasmiylashtiriladi.

Qaysi hujjatlar talab etiladi

Elektron tizimga shaxsni tasdiqlovchi hujjat, oliy tibbiy ma’lumot diplomi va uning ilovasi, shuningdek, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan boshqa zarur hujjatlar yuklanishi lozim.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan davlat stipendiyalari uchun 776 ta kvota tasdiqlangani haqida yozgandi.