
O‘zbekiston Davlat budjeti daromadlari 2026-yil yakunida 439,7 trln so‘mga yetishi kutilmoqda. Bu tasdiqlangan prognozdan 19% yuqori. Iqtisodiyot va moliya vazirligi buni soliq ma’murchiligi yaxshilangani hamda jahon bozorida qimmatbaho metallar narxi kutilganidan yuqori bo‘lgani bilan izohlamoqda.
2026-yilda daromadlar 439,7 trln so‘m bo‘lishi kutilmoqda
Fiskal strategiyaga ko‘ra, 2026-yilda Davlat budjeti daromadlari 439,7 trln so‘mni tashkil etishi kutilmoqda. Bu 2025-yildagi kutilayotgan 359,8 trln so‘mlik ko‘rsatkichdan qariyb 80 trln so‘mga ko‘p.

Daromadlarning asosiy qismi soliqlar hisobidan shakllanadi. Jumladan, bevosita soliqlardan 149,6 trln so‘m, bilvosita soliqlardan 131,6 trln so‘m, resurs to‘lovlari va mol-mulk solig‘idan 54,5 trln so‘m tushishi prognoz qilinmoqda.
Foyda solig‘i eng katta o‘sish manbalaridan biri bo‘ladi
2026-yilda foyda solig‘i tushumlari 96,5 trln so‘mga yetishi kutilmoqda. Bu 2025-yildagi 72,3 trln so‘mlik ko‘rsatkichdan ancha yuqori.
Shuningdek, QQS tushumlari 93 trln so‘m, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 49,8 trln so‘m, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq esa 31,5 trln so‘m bo‘lishi prognoz qilingan.
2027-yilda daromadlar pasayishi mumkin
2027-yil uchun Davlat budjeti daromadlari 422,3 trln so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda. Bu 2026-yil kutilmasidan pastroq.
Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, 2025 va 2026-yillarda aynan foyda solig‘i tushumlarining keskin o‘sishi budjet daromadlari uchun yuqori baza yaratgan. 2027-yil prognozida esa oltin va mis narxlari konservativ yondashuv asosida olingan.
Oltin va mis narxlari muhim omil bo‘lib qoladi
Fiskal strategiyada 2026-yilda budjet daromadlarining yuqori bo‘lishi iqtisodiy faollik kutilganidan kuchliroq shakllangani hamda oltin va mis narxlarining prognozda belgilangan darajadan yuqori bo‘lgani bilan izohlangan.
Bakirovning qayd etishicha, budjet tasdiqlanguniga qadar oltin va mis narxlariga qarab 2027-yil daromad prognozlariga yana o‘zgartirish kiritilishi ehtimoli bor.
Tashqi qarz hisobidan xarajatlar ham oshadi

Strategiyada tashqi qarz hisobidan davlat dasturlariga xarajatlar oshishi kutilayotgani ham qayd etilgan.
2027-yilda bu yo‘nalishdagi xarajatlar 38,1 trln so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda. Bu 2026-yil kutilmasiga nisbatan 32,3 foizga ko‘p.

2029-yilga borib daromadlar 554,1 trln so‘mga yetishi kutilmoqda
O‘rta muddatli prognozlarga ko‘ra, Davlat budjeti daromadlari 2028-yilda 483,1 trln so‘m, 2029-yilda esa 554,1 trln so‘mga yetadi.
Prognoz iqtisodiy o‘sish, soliq va bojxona siyosatidagi rejalashtirilgan o‘zgarishlar hamda daromadlar bazasini kengaytirish choralarini inobatga olgan holda shakllantirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda pensiya tizimini isloh qilish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilgandi. Biroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)ga ko‘ra, keng ko‘lamli o‘zgarishlar hali dastlabki bosqichda va ular joriy etilishidan oldin tizimning moliyaviy barqarorligi mustaqil baholanishi kerak.