
Tramp ma’muriyati AQShda doimiy yashash huquqi (Green Card)ni olishni istovchilar uchun $100 minglik kafolat puli (bond) joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda WSJ nashri ma’lum qildi.
Maqsad – moliyaviy mustaqillikni isbotlash
Davlat departamenti vakili Tommi Pigottning aytishicha, yangi tartib ayrim vizaga da’vogarlarning davlat yordamiga muhtoj bo‘lmasligini va o‘zini mustaqil ta’minlay olishini isbotlashga qaratilgan. Tashabbus Ichki xavfsizlik departamenti bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda.
Pul keyinchalik qaytarilishi mumkin
Taklifga ko‘ra, $100 minglik mablag‘ni arizachi yoki uning AQShdagi yaqinlari to‘laydi. Belgilangan shartlar bajarilgach, ushbu summa keyinchalik egasiga qaytarilishi rejalashtirilgan.
Avval ham shunday amaliyot qo‘llangan
2025-yildan boshlab Malavi va Zambiyadan kelgan ayrim viza egalari uchun $15 minglik kafolat puli joriy etilgan. AQSh rasmiylari bu choradan so‘ng vizasi muddati tugagach mamlakatni tark qilmaganlar soni sezilarli kamayganini bildirgan. Shu bilan birga, berilgan vizalar soni ham qisqargani qayd etilgan.
Qaror hali qabul qilinmagan
Hozircha $100 minglik kafolat puli bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan. Agar tashabbus tasdiqlansa, u Green Card olish tartibidagi eng yirik moliyaviy talablardan biriga aylanishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan davlat yordamini olgan muhojirlar Green Card’dan mahrum bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.