
Soliq tushumlari bo‘yicha mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani tanqid qilindi. Buxoro viloyatida ayrim korxonalar faoliyati va QQS to‘lovlari bo‘yicha kamchiliklar qayd etilgach, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yil boshidan soliq tushumlari 27 foizga ko‘payib, 130 trln so‘mdan oshgan. Shu bilan birga, qo‘shimcha tushum bo‘yicha yillik reja hozircha 40 foizga bajarilgani aytildi. Bu 12 trln so‘mni tashkil etadi.
Buxoroda ayrim korxonalar foyda solig‘i to‘lamagan
Buxoro viloyati misolida aylanmasi 100 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan 162 ta korxona ketma-ket uch yil faoliyatini zarar bilan yakunlagani uchun foyda solig‘i to‘lamagani qayd etildi.
Shuningdek, 1,5 mingta korxona QQS to‘lamasdan, faqat QQSni chegirib yurgani aytildi.
Hokim o‘rinbosarlari faoliyati tanqid qilindi
Viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari soliq tushumlari bo‘yicha korxonalar bilan yetarli ishlamayotgani tanqid qilindi.
Shu bois Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
498 ta yirik korxona bo‘yicha vakolat viloyatlarga berildi
1-iyuldan 498 ta yirik soliq to‘lovchi korxonadan soliq undirish vakolati viloyatlarga tushirib berilgani ta’kidlandi.
Endilikda viloyat hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari va viloyat soliq rahbarlariga ushbu korxonalar bilan yaqindan ishlab, soliqlarning to‘liq yig‘ilishini ta’minlash topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident jarima va yig‘imlarni kamaytirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Barcha vazir va tarmoq rahbarlariga bir hafta ichida byurokratiya, jarima, to‘lov va yig‘imlarni keskin kamaytirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.