Avto

Chevrolet Captiva Rossiyada O‘zbekistondagidan arzonroq sotilmoqda

Krossoverning narxi 2,2 mln rubl (taxminan 335,5 mln so‘m)ni tashkil etmoqda
Foto: UzAuto Motors

Rossiyada Xitoyda ishlab chiqarilib, BAA orqali import qilinayotgan Chevrolet Captiva Premier sotuvi boshlandi. Krossoverning narxi 2,2 mln rubl (taxminan 335,5 mln so‘m)ni tashkil etmoqda.

Bu O‘zbekistondagi rasmiy narx – 349,9 mln so‘mdan past. Aksiya bilan esa avtomobil narxi 334,9 mln so‘mga tushadi.

Nimalar taklif etiladi

Captiva Premier raqamli asboblar paneli, rul boshqaruvi, old va ikkinchi qator o‘rindiqlari isitkichlari, kalitsiz kirish, dvigatelni tugma orqali ishga tushirish hamda 10 dyuymli multimedia tizimi (Apple CarPlay va Android Auto) bilan jihozlangan.

Texnik xususiyatlari

Krossover 149 ot kuchiga ega 1,5 litrli turbo benzin dvigateli va CVT variatori bilan taqdim etiladi. Old g‘ildirakdan tortuvchi avtomobil 7 o‘rinli bo‘lib, orqa o‘rindiqlar yig‘ilganda bagaj hajmi 275 litrdan 538 litrgacha kengayadi.

Eksport ham davom etmoqda

O‘zbekistonda yig‘iladigan Chevrolet Captiva xorijga ham eksport qilinadi. O‘tgan yili ushbu modeldan 382 dona, Chevrolet avtomobillaridan esa jami 43,3 ming dona eksport qilingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet yangi avtomobilni taqdim etishga tayyorlanayotgani haqida yozgandi.