Avto

Chevrolet o‘rta o‘lchamli yo‘ltanlamas modelini taqdim etdi

2027-yilgi Chevrolet S10 Trail Boss pikapi
Chevrolet o‘rta o‘lchamli yo‘ltanlamas modelini taqdim etdi
Foto: GM Authority

General Motors Argentinada 2027-yilgi Chevrolet S10 Trail Boss pikapini rasman taqdim etdi. GM Authority’ga ko‘ra, model Chevrolet’ning o‘rta o‘lchamli pikaplari qatoridagi off-road yo‘nalishiga mo‘ljallangan eng mustahkam versiyalardan biri sifatida chiqarilmoqda.

Yangi S10 Trail Boss Argentinadagi Xalqaro chorvachilik, qishloq xo‘jaligi va sanoat ko‘rgazmasi La Rural’da namoyish qilindi.

Aynan shu joyda Chevrolet S10 modeli 1996-yilda Argentina bozorida ilk bor taqdim etilgan edi. Shu tariqa model mamlakatdagi 30 yillik tarixini yangi off-road versiya bilan davom ettirmoqda.

S10 savdosi o‘smoqda

Foto: GM Authority

GM Argentina ma’lumotiga ko‘ra, S10 pikapi mamlakat bozorida yaxshi natija ko‘rsatmoqda. Model savdosi yiliga 21,6 foizga oshgan.

Kompaniya yangi Trail Boss versiyasi maxsus bezaklar, kuchaytirilgan osma tizimi va notekis yo‘llar uchun mo‘ljallangan shinalar bilan ajralib turishini bildirdi.

Off-road uchun kuchaytirilgan versiya

Foto: GM Authority

2027-yilgi Chevrolet S10 Trail Boss mintaqada ishlab chiqarilgan S10’ning eng ekstremal va yo‘lsiz sharoitga mos versiyasi sifatida taqdim etilmoqda.

Model maxsus sozlangan prujina va amortizatorlarga ega. Old qismi biroz balandroq qilingan, bu esa og‘ir off-road sharoitida yurishni yengillashtiradi.

Shuningdek, avtomobil qoraytirilgan tashqi detallar va standart all-terrain shinalar bilan jihozlangan.

2,8 litrli Duramax dizel dvigatel saqlangan

Foto: GM Authority

Texnik jihatdan S10 Trail Boss boshqa versiyalardagi 2,8 litrli Duramax turbodizel dvigatelini saqlab qolgan.

U 207 ot kuchi va 376 funt-fut aylanish momenti ishlab chiqaradi. Dvigatel 8 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi, standart 4×4 yuritma va maxsus Ironman osma tizimi bilan ishlaydi.

Narxi qariyb $29 mingdan boshlanadi

Foto: GM Authority

Yangi Chevrolet S10 Trail Boss Argentinadagi rasmiy dilerlarda avgust oyidan sotila boshlaydi.

Model narxi 66,1 mln Argentina pesosidan boshlanadi. Bu hozirgi kurs bo‘yicha taxminan $29 mingga teng.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet yangilangan modelida yuk ko‘tarish imkoniyatini oshirgandi. Yangilangan Silverado 1500’da sertifikatlash toifasi o‘zgartirildi. Shu sababli avtomobilning ruxsat etilgan umumiy massasi 3300 kilogrammdan 3505 kilogrammgacha oshdi.