Yangiliklar

Davlat stipendiyalari uchun 776 ta kvota tasdiqlandi

2026/2027-o‘quv yili uchun
O‘zbekistonda ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar 7 foizga oshiriladi
Foto: Depositphotos

2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlari va ta’lim yo‘nalishlari kesimida davlat stipendiyalari kvotalari tasdiqlandi. Jami 776 ta stipendiya respublika bo‘yicha 335 mingdan ortiq yuqori kurs talabalari orasidan eng munosiblariga beriladi.

Eng ko‘p kvota Islom Karimov stipendiyasiga ajratildi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tegishli xatiga binoan, yangi o‘quv yili uchun davlat stipendiyalari taqsimoti belgilandi.

Eng ko‘p kvota Islom Karimov stipendiyasiga ajratilgan – 194 ta. Prezident stipendiyasi uchun 187 ta, Navoiy stipendiyasi uchun esa 175 ta kvota tasdiqlangan.

Stipendiyalar yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimlandi

Bobur stipendiyasi uchun 51 ta, Imom al-Buxoriy stipendiyasi uchun 44 ta, Beruniy stipendiyasi uchun 38 ta kvota ajratildi.

Shuningdek, Ibn Sino stipendiyasi uchun 33 ta, Abdulla Avloniy stipendiyasi uchun 16 ta, Ulug‘bek stipendiyasi uchun 13 ta kvota belgilangan.

Qoraqalpog‘istondagi oliygohlar uchun To‘lepbergen Qayipbergenov va Ibroyim Yusupov stipendiyalariga 11 tadan kvota ajratildi. Pahlavon Mahmud stipendiyasi uchun esa 3 ta kvota tasdiqlandi.

335 mingdan ortiq talabalar orasidan tanlanadi

Ushbu stipendiyalar respublika bo‘yicha 335,5 ming nafar yuqori kurs talabalari orasidan eng munosiblariga taqsimlanadi.

Davlat stipendiyalari odatda o‘qishdagi yuqori natijalari, ilmiy va ijodiy faolligi hamda yo‘nalishi bo‘yicha yutuqlarga ega talabalarga beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat oliy ta’lim muassasalariga 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul kvotalari tasdiqlangandi. Yangi qabul mavsumidagi asosiy o‘zgarishlardan biri axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlariga ajratiladigan davlat grantlari sonining 35 foizga ko‘paytirilgani bo‘ldi.