
Shavkat Mirziyoyev xorijdagi diplomatik vakolatxonalarning investitsiya, eksport va iqtisodiy diplomatiya yo‘nalishidagi faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, ularning ish samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi vazifalar berdi.
Yig‘ilishda so‘nggi yillarda oliy darajadagi 52 ta tashrif doirasida umumiy qiymati $213 mlrdlik 1617 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani qayd etildi. Biroq ushbu loyihalar ijrosini nazorat qilishda sustkashliklarga yo‘l qo‘yilayotgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan investitsiya loyihalari bo‘yicha ishlab chiqilgan «yo‘l xaritalari»ni Hisob palatasi va Tashqi ishlar vazirligi yuritishi belgilandi. Bosh vazirga esa har hafta tarmoq rahbarlari, hokimlar va elchilar ishtirokida «yo‘l xaritalari»ni davlatlar kesimida hamda har bir loyiha bo‘yicha alohida muhokama qilish topshirildi.
Prezident xorijdagi ayrim diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan ham e’tirozlar bildirdi. Xususan, Belarusdagi elchi investitsiya va tashqi savdo masalalariga befarqligi sabab lavozimidan ozod etilgani, Fransiya, Avstriya, Ispaniya, Italiya, O‘mon, Indoneziya, Malayziya va Singapurdagi elchilarning faoliyati ham yetarli darajada natija bermayotgani qayd etildi.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga komissiya tuzib, diplomatik vakolatxonalarning iqtisodiy diplomatiya, investitsiya va eksport yo‘nalishidagi faoliyatini tahlil qilish hamda o‘z vazifasini samarali bajarmayotgan xodimlarni yosh va zamonaviy fikrlaydigan kadrlar bilan almashtirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq respublikadagi 17 nafar hokimning faoliyati qayta ko‘rib chiqilishi haqida yozgan edik.