Gadjetlar

Honor X7e smartfoni sotuvga chiqdi — narx

Honor X7e 120 Hz yangilanish chastotasiga ega
Honor X7e smartfoni sotuvga chiqdi — narx
Foto: Honor

Honor kompaniyasi tomonidan Honor X7e smartfoni Rossiya bozorida sotuvga chiqarildi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida ma’lum qildi.

Honor X7e 7 000 mA/soat sig‘imli akkumulyator hamda 45 vattli tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, bir marta quvvatlangan smartfon ikki kungacha ishlashi yoki qariyb 32 soat video namoyish etishi mumkin. Batareya mingdan ortiq quvvatlash sikliga mo‘ljallangan.

Foto: Honor

Qurilma tushish va zarbalarga chidamlilik bo‘yicha SGS tashkilotining besh yulduzli sertifikatini olgan. IP64 himoya darajasi smartfon korpusini chang va suv sachrashidan himoya qiladi. Biroq bu sertifikat qurilmani suvga to‘liq botirish mumkinligini anglatmaydi.

Honor X7e 120 Hz yangilanish chastotasiga ega 6,61 dyuymli ekran va MediaTek Helio G81 Ultra protsessori bilan jihozlangan. Asosiy kamera aniqligi 50 megapikselni tashkil etadi. Smartfonda suratlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan sun’iy intellekt funksiyalari hamda SI xizmatlarini tezkor ishga tushiruvchi alohida tugma mavjud.

Foto: Honor

Narx va to‘lov shartlari

Smartfonning 128 GB xotirali versiyasi 18 ming rublga, taxminan $230 ga, 256 GB xotirali varianti esa 25 ming rublga yoki qariyb $319 ga baholangan.

Sotuv boshlanishi munosabati bilan narxlar vaqtincha mos ravishda 17 ming rubl – $217 hamda 20 ming rubl – $255 gacha tushirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Honor 8100 mA/soat batareyali smartfon chiqargani haqida yozgan edi.