
O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarni tashkil qilish va litsenziyalash tartibi joriy etildi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Markaziy bank boshqaruvining «Bank faoliyatiga ruxsat berish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qarori davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Hujjat O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga qaratilgan qonun asosida qabul qilingan. Qaror bilan islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarni tashkil etish shartlari va ularning faoliyatini litsenziyalash tartibi belgilandi.
Shuningdek, an’anaviy banklarning islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatishni boshlashi, jumladan, alohida «islomiy darcha» tashkil etishi uchun talab va tartiblar tasdiqlandi. Bunda islomiy bank xizmatlari an’anaviy bank faoliyatidan alohida hisob va boshqaruv tizimi asosida yuritilishi nazarda tutiladi.
Qarorda islomiy banklarning Islomiy moliya kengashi a’zolari hamda ushbu yo‘nalishga mas’ul rahbar xodimlariga qo‘yiladigan malaka talablari ham belgilangan. Mazkur mutaxassislar islomiy moliya tamoyillari, bank qonunchiligi va tegishli moliyaviy amaliyotlar bo‘yicha zarur bilim hamda tajribaga ega bo‘lishi kerak.
Markaziy bankning ta’kidlashicha, qaror O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini yo‘lga qo‘yish va islomiy moliya xizmatlarini tizimli rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etilgani haqida yozgan edi.