Yangiliklar

«Jaloliddin Manguberdi» elektropoyezdi endi ikki tarkibda harakatlanadi

2026-yil 22-iyuldan boshlab
«Jaloliddin Manguberdi» elektropoyezdi endi ikki tarkibda harakatlanadi / Foto: «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ

Yo‘lovchilar talabini qondirish maqsadida Toshkent – Xiva yo‘nalishiga yana bir «Jaloliddin Manguberdi» yuqori tezlikdagi elektropoyezdi qatnovga chiqariladi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ ma’lum qildi.

22-iyuldan boshlab «Jaloliddin Manguberdi» yuqori tezlikdagi elektropoyezdining ikkinchi tarkibi Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishida muntazam qatnovni amalga oshiradi. Poyezd Toshkentdan dushanba, chorshanba va juma kunlari, Xivadan esa seshanba, payshanba va shanba kunlari harakatlanadi.

Poyezd Toshkent Markaziy vokzalidan soat 07:00 da, Xiva vokzalidan esa soat 07:15 da jo‘naydi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha safar davomiyligi 7 soat 36 daqiqani tashkil etadi.

«Jaloliddin Manguberdi» elektropoyezdining qatnov jadvali:

Yo‘nalishHarakat kunlariJo‘nash vaqtiSafar vaqti
Toshkent → XivaDushanba, chorshanba, juma07:00 (Toshkent Markaziy vokzali)7 soat 36 daqiqa
Xiva → ToshkentSeshanba, payshanba, shanba07:15 (Xiva vokzali)7 soat 36 daqiqa

Bugungi kunga qadar ushbu poyezdlarning 3 tasi O‘zbekistonga olib kelingan. Birinchi tarkib 2026-yil 5-maydan Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishida qatnovni boshlagan bo‘lsa, ikkinchi tarkib 2026-yil 22-iyuldan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.

Ma’lumot uchun, 2023-yil 10-oktabrda qabul qilingan prezident qaroriga muvofiq, Koreya Eksimbanki hamkorligida 6 ta yuqori tezlikdagi Hyundai Rotem elektropoyezdi xarid qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent – Bekobod elektropoyezdining qatnov vaqtlari haqida xabar qilgan edik.