Yangiliklar

Mahalliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlab chiqiladi

So‘nggi ikki yilda milliy brendlar uchun 15,5 mlrd so‘mlik moliyaviy yordam ajratilgan
Boku
Foto: Uzsm

Shavkat Mirziyoyev mahalliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga to‘xtaldi. Mutasaddilarga ikki hafta ichida milliy brendlarni rivojlantirish va ularning eksportga chiqishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

So‘nggi ikki yilda milliy brendlar uchun 15,5 mlrd so‘mlik moliyaviy yordam ajratilgan. Bu tizim natijasida mahalliy brendlar soni ortib bormoqda.

Shu bilan birga, o‘z brendini ro‘yxatdan o‘tkazgan 309 ta mahalliy korxonaning uchdan biri hanuz eksportga chiqmagani qayd etildi.

Mahalliy brendlar eksportga olib chiqiladi

Davlat rahbari brend yaratgan tadbirkorlar sifat, narx va kafolat bo‘yicha ichki bozorda ishonch qozonganini ta’kidladi.

Prezidentga ko‘ra, bunday korxonalarga ozgina ko‘mak berilsa, ular tashqi bozorlarda ham o‘z o‘rnini topishi mumkin.

Yig‘ilishda ayrim import mahsulotlari demping narxda yoki kontrafakt sifatida kirib kelayotgani ham aytildi. Bu holat mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.

Dastur ikki haftada tayyorlanadi

Mutasaddilarga ikki hafta ichida mahalliy brendlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.

Dastur mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksportga chiqishi, brendlarini rivojlantirishi va tashqi bozorda raqobatbardosh bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashga qaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarni jazolashdan ko‘ra, ularga imkoniyat berish va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish muhimligini ta’kidlagandi. Barcha vazir va tarmoq rahbarlariga bir hafta ichida byurokratiya, jarima, to‘lov va yig‘imlarni keskin kamaytirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.