
Rossiyaning Nordwind Airlines aviakompaniyasi Qozon – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ilk muntazam reyslarini boshladi. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.
Ilk reys 18-iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 06:20 da amalga oshirildi. Reys bortida 220 nafar yo‘lovchi Toshkentga yetib keldi. Shu kuni soat 08:15 da esa 207 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan havo kemasi Qozonga ortga jo‘nab ketdi.
Qozon va Toshkent o‘rtasidagi muntazam qatnovlar haftasiga ikki marta amalga oshiriladi. Reyslar Qozondan dushanba va juma kunlari, Toshkentdan esa seshanba va shanba kunlari yo‘lga chiqadi. Parvoz davomiyligi taxminan 3 soat 30 daqiqani tashkil etadi.
Mazkur yo‘nalish bo‘yicha Nordwind Airlines qatnovlarni amalga oshirayotgan beshinchi aviatashuvchiga aylandi. Hozirda Toshkent – Qozon yo‘nalishida Uzbekistan Airways, Centrum Air, FlyOne Asia va UVT Aero aviakompaniyalari ham muntazam reyslarni amalga oshirmoqda.
Ma’lumot uchun, Nordwind Airlines 2008-yilda tashkil etilgan Rossiyaning xususiy aviakompaniyasi hisoblanadi. Aviakompaniyaning asosiy aeroporti Moskvadagi Sheremetyevo xalqaro aeroporti bo‘lib, uning yo‘nalishlar tarmog‘i 200 dan ortiq yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tomchi – Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar boshlangani haqida xabar bergan edik.