Yangiliklar

Qozog‘istonda bir kunda 55 ta o‘rmon yong‘ini sodir bo‘ldi

Ayrim hududlarda vaziyat o‘rmon xo‘jaligi xodimlari nazorati ostida qolmoqda
Qozog‘istonda bir kunda 55 ta o‘rmon yong‘ini sodir bo‘ldi
Foto: Unsplash

Qozog‘istonda 20-iyul kuni momaqaldiroq oqibatida bir sutka ichida 55 ta o‘rmon yong‘ini yuzaga keldi. Bu haqda mamlakat Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi ma’lum qildi.

Yong‘inlarning eng ko‘pi «Semey o‘rmani» davlat o‘rmon tabiiy rezervatida qayd etilgan bo‘lib, bu hududda 41 ta o‘choq aniqlangan. «Ertis o‘rmani» rezervatida to‘qqizta, Sharqiy Qozog‘iston viloyatida uchta, Naurzum davlat tabiiy qo‘riqxonasi va «Bayanaul» milliy tabiat bog‘ida bittadan yong‘in sodir bo‘lgan.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, barcha yong‘in o‘choqlari o‘z vaqtida aniqlanib, lokallashtirilgan va bartaraf etilgan. Ayrim hududlarda vaziyat o‘rmon xo‘jaligi xodimlari nazorati ostida qolmoqda.

«Har bir momaqaldiroq fronti bir vaqtning o‘zida o‘nlab yong‘in o‘choqlarini keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan davrda o‘rmon qo‘riqlash xizmati davlat o‘rmon fondini himoya qilish uchun kechayu kunduz navbatchilik qiladi», – deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq Abay viloyatidagi «Semey o‘rmani» hududida yirik o‘rmon yong‘ini yuz bergan edi. Uni o‘chirish ishlariga Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi, Mudofaa vazirligi, o‘rmon xo‘jaliklari, mahalliy ijro organlari hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi kuchlari jalb etilgan.

Avvalroq «Kursiv» Qozog‘istonda chekuvchilar o‘pka saratoniga bepul tekshirilishi haqida yozgan edi.