Yangiliklar

Qozog‘istonda chekuvchilar o‘pka saratoniga bepul tekshiriladi

Yangi qoidalar doirasida «B» va «C» virusli gepatitlariga qarshi skrining dasturi ham kengaytiriladi
Qozog‘istonda chekuvchilar o‘pka saratoniga bepul tekshiriladi
Foto: Pexels

28-iyuldan Qozog‘istonda chekuvchilar o‘pka saratoniga bepul tekshiriladi. Bu haqda Kursiv Kazakhstan xabar bermoqda.

Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘iga ko‘ra, mamlakatda ilk bor o‘pka saratoni xavfi yuqori bo‘lgan fuqarolar bepul tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Skriningdan 50 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ikki yillik oraliq bilan o‘tishi mumkin. Bunda tekshiruv 50, 52, 54, 56, 58, 60, 62, 64, 66, 68 va 70 yoshdagilar uchun mo‘ljallangan. Bronx yoki o‘pkaning xavfli o‘smalari tashxisi bilan dispanser nazoratida turgan shaxslar dasturga kiritilmaydi.

Yuqori xavf guruhiga chekish tajribasi kamida 20 «quti-yil» bo‘lgan amaldagi va sobiq chekuvchilar kiradi. Bir «quti-yil» deganda bir yil davomida har kuni bir quti, ya’ni 20 dona sigaret chekish tushuniladi. Chekishni tashlaganiga 15 yildan oshmagan fuqarolar ham bepul tekshiruvdan foydalanishi mumkin.

Tizim qanday ishlaydi

Shuningdek, so‘nggi o‘n yil davomida zararli mehnat sharoitlarida ishlagan fuqarolar ham o‘pka saratoni skriningiga jalb etiladi. Tekshiruvlar har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi.

Yangi qoidalar doirasida «B» va «C» virusli gepatitlariga qarshi skrining dasturi ham kengaytiriladi. Endilikda 18 yoshdan katta erkaklar va ayollar uch yilda bir marta bepul tekshiruvdan o‘tishi mumkin. Surunkali virusli gepatit sababli kuzatuvda turganlar hamda homiladorlik bo‘yicha ro‘yxatga olingan ayollar bundan mustasno.

Skrining natijalari tibbiy raqamli tizimga kiritiladi. Tekshiruvda og‘ishlar aniqlansa, shifokor bemorni shu tizim orqali keyingi bosqichga yuboradi va yakuniy tashxis hamda tavsiyalarni rasmiylashtiradi.

Avvalroq «Kursiv» Qozog‘iston neftini tashiyotgan tankerlarga Ukraina dronlari zarba bergani haqida yozgan edi.