
Toshkent viloyati shaharlarida brutto shartnoma asosida ishlaydigan shahar ichki avtobus yo‘nalishlari uchun yangi tariflar tasdiqlandi. Bu haqda xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining 2026-yil 20-iyuldagi qarorida belgilangan.
Yangi tartibga ko‘ra, avtobuslarda yo‘lkira haqini naqd pulsiz qabul qilish tizimi to‘liq joriy etiladi. Elektron to‘lovlarni rag‘batlantirish maqsadida naqd pulda to‘lanadigan yo‘lkira bank yoki transport kartasi orqali amalga oshiriladigan to‘lovdan 30 foiz qimmatroq etib belgilandi.
Transport yoki bank kartasi orqali yo‘lkira haqi QQS bilan birga 2 ming so‘mni tashkil qiladi. Naqd pulda to‘lov esa 2,6 ming so‘m etib belgilandi.
Yo‘lovchining yukini tashish xizmati uchun ham 2,6 ming so‘m undiriladi. Qarorda soatlik, kunlik, uch oylik, olti oylik va yillik limitsiz tarif rejalarini joriy etish ham nazarda tutilgan. Ushbu tariflardan foydalanish shartlari va narxlari keyinchalik alohida tartibda belgilanadi.
Avvalroq «Kursiv» Qarshi jamoat transporti parki yana 38 ta yangi avtobus bilan to‘ldirilgani haqida yozgan edi.