
Toshkentda uchta MChJ mansabdor shaxslari 322,4 milliard so‘mlik soxta savdo aylanmasini rasmiylashtirib, 1,4 milliard so‘m budjet mablag‘ini noqonuniy keshbek sifatida o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Soliq qo‘mitasi xodimlari o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda ma’lum qilindi.
322,4 mlrd so‘mlik qalbaki aylanma yaratilgan
Aniqlanishicha, mas’ullar o‘zaro til biriktirib, go‘yoki 322,4 milliard so‘mlik mahsulot yetkazib berilgani haqida soxta hujjatlar rasmiylashtirgan. Shundan so‘ng savdo amalga oshirilgandek ko‘rsatilib, nazorat-kassa mashinalari orqali 3 363 ta xarid cheki shakllantirilgan.
1,4 mlrd so‘m noqonuniy keshbek olingan
Soxta xarid cheklari asosida Ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan fuqarolarga «Soliq Mobile» ilovasi orqali keshbek to‘lab berilgan. Natijada Davlat budjetining 1,4 milliard so‘m mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlangan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jizzaxda 1,9 mlrd so‘mlik keshbek talon-toroj qilingani haqida yozgandi.