Avto

Tracker’dan arzon MG 07 avtomobili haqida nimalar ma’lum

Tracker’dan arzon MG 07 avtomobili haqida nimalar ma’lum
Foto: Y-Auto

SAIC MG kompaniyasining yangi MG 07 avtomobili 29-iyul kuni boshlanadigan dastlabki sotuvlar oldidan Xitoy bo‘ylab dilerlik markazlariga yetkazila boshlandi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

LiDAR sensori va 610 kilometr yurish zaxirasiga ega MG 07 narxi 150 ming yuandan, taxminan 22,1 ming dollardan past bo‘lishi kutilmoqda. 840 kilometrgacha masofa bosib o‘tadigan yuqori komplektatsiyaning narxi esa 180 ming yuandan yoki 26,5 ming dollardan oshmasligi rejalashtirilgan.

Dizayn va o‘lcham

Foto: Y-Auto

Aniq narxlar, komplektatsiyalar va yetkazib berish shartlari 29-iyuldagi dastlabki sotuvlar boshlanishida ma’lum qilinadi. Xaridorlarga avtomobillarni yetkazib berish 2026-yilning uchinchi choragida boshlanishi kutilmoqda.

MG 07’ning seriyali ishlab chiqarilishi iyul oyi boshida yo‘lga qo‘yilgan. Avtomobilning uzunligi 4 886 millimetr, kengligi 1 900 millimetr va balandligi 1 478 millimetrni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 2 825 millimetrga teng. Avval e’lon qilingan patent tasvirlarida MG 07 oilasiga uzun tomli universal kuzovli versiya ham qo‘shilishi mumkinligi ko‘ringan, biroq kompaniya bu modifikatsiyani rasman tasdiqlamagan.

Texnik imkoniyatlari qanday

Foto: Y-Auto

Elektromobil 400 va 800 voltli ikkita elektr arxitekturasi asosida ishlab chiqariladi. 400 voltli versiyaga orqa o‘qda joylashgan 176 kilovatt yoki 239 ot kuchiga ega elektromotor o‘rnatiladi. U 67 kilovatt-soat sig‘imli yarim qattiq holatli akkumulyator bilan jihozlanib, komplektatsiyaga qarab 610 yoki 650 kilometr yurish zaxirasini taklif etadi. Kompaniya ushbu ko‘rsatkichlar qaysi sinov sikli asosida hisoblanganini ochiqlamagan.

Yuqori darajadagi modifikatsiyalar 800 voltli platforma, 235 kilovatt yoki 320 ot kuchiga ega orqa elektromotor hamda CATL kompaniyasining uch komponentli litiy akkumulyatoridan foydalanadi. Ushbu versiyaning yurish zaxirasi 840 kilometrgacha yetishi aytilmoqda.

Avtomobil 5C tezkor quvvatlash texnologiyasini ham qo‘llab-quvvatlaydi, biroq maksimal quvvat va batareyani quvvatlashga ketadigan vaqt hozircha ma’lum qilinmagan.

Qo‘shimcha qulayliklar

Foto: Y-Auto

MG 07’ning barcha versiyalari sun’iy intellekt yordamida yo‘l holatini oldindan tahlil qiluvchi mCDC elektromagnit osma tizimi bilan jihozlanadi. Yuqori komplektatsiyalarda tomga o‘rnatilgan LiDAR sensori va Momenta R7 haydovchiga ko‘maklashish tizimi mavjud bo‘ladi.

Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, tizim shaharda navigatsiya asosida avtomatik harakatlanish va avtomobilni bir to‘xtash joyidan boshqasigacha boshqarish imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Salon markazida 2.5K aniqlikdagi 15,6 dyuymli sensorli ekran joylashtirilgan bo‘lib, multimedia tizimi Qualcomm Snapdragon 8295P protsessorida ishlaydi. Shuningdek, 8,88 dyuymli raqamli asboblar paneli, vaznsizlik holatini taqlid qiluvchi old yo‘lovchi o‘rindig‘i, 697 litr sig‘imli orqa yukxona va 109 litrlik old yukxona mavjud.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri MG 07 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.