
Yig‘ilishda strategik korxonalarning xarajatlari va mahsulot tannarxi alohida tahlil qilindi. Endilikda umumiy xarajatlar emas, balki har bir mahsulot birligi tannarxi bo‘yicha baholash haqiqiy holatni ko‘rsatib bergani ta’kidlandi.
Yirik korxonalarda tannarx oshgan
Tahlillarga ko‘ra, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida bir unsiya oltin tannarxi 8,2 foizga oshgan. Korxonaning umumiy xarajatlari esa o‘tgan yildagiga nisbatan 6,2 trillion so‘mga yoki 22 foizga ko‘paygan.
Shuningdek, O‘zbekiston metallurgiya kombinatida po‘lat sharlar ishlab chiqarish tannarxi 5,4 foizga, «O‘zkimyosanoat» tizimida karbamid tannarxi 11,1 foizga, ammiakli selitra tannarxi esa 8,3 foizga oshgani qayd etildi.
IPO uchun kompaniyalar tahlil qilindi
Yig‘ilishda Franklin Templeton kompaniyasi IPOga chiqarilishi rejalashtirilgan 13 ta yirik korxona faoliyatini tahlil etib bergani ham ma’lum qilindi.
Uzbekistan Airways $120 mln daromadni yo‘qotmoqda
Shuningdek, Uzbekistan Airways faoliyatidagi kamchiliklar ham ko‘rsatib o‘tildi. Marshrutlarning optimal shakllantirilmagani, reyslar orasidagi tanaffuslarning uzoqligi, parvozlarning tez-tez kechikishi, shuningdek, keytering va texnik xizmat ko‘rsatish sohalarida raqobatning yetishmasligi oqibatida aviakompaniya $120 million dollar daromaddan mahrum bo‘layotgani ta’kidlandi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonning 9 ta aeroporti xalqaro ekologik akkreditatsiyadan o‘tgani haqida yozgandi.