
General Motors (GM) tomonidan yaqinda yangi Chevrolet Onix Activ 2027 avtomobili taqdim etilgan edi. Avtomobil Braziliyada test-drayv qildi.
Krossoverga o‘xshash ko‘rinish, balandroq kuzov va yaxshilangan yo‘l geometriyasiga ega xetchbek Braziliyada $22,8 mingdan sotuvga chiqarildi. Model Volkswagen Tera 170 TSI va Fiat Pulse Drive kabi boshlang‘ich SUVlar bilan raqobatlashadi. Ularning narxi mos ravishda $24,2 ming va $22,8 ming atrofida.
SUV’larga yaqin yo‘l geometriyasi

Chevrolet Onix Activ’ning asosiy ustunligi – yo‘l tirqishi va notekis yo‘llardan o‘tish qobiliyati. Modelning yerdan balandligi 20,1 sm, kirish burchagi 19,7 daraja, chiqish burchagi esa 28,1 darajani tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichlar ayrim jihatlar bo‘yicha Chevrolet Sonic’dan ham yaxshiroq: Sonic’da yo‘l tirqishi 20 sm, kirish va chiqish burchaklari mos ravishda 18 va 27 daraja.
Oddiy Onix xetchbeki hamda Onix Plus sedanida yo‘l tirqishi 15,7 sm, kirish burchagi esa atigi 14 daraja. Demak, Activ kundalik hayotda bordyur, chuqur, qiya kirish va notekis asfaltga tegib ketish xavfini sezilarli kamaytiradi. Muhandislar yaxshiroq geometriyaga erishish uchun old va orqa bamperlarni jami 0,6 smga qisqartirgan.

Haqiqiy SUVlar ayrim burchaklarda ustun. Volkswagen Tera 20,8 darajali kirish va 30,7 darajali chiqish burchagiga, Renault Kardian esa 20 darajali kirish hamda 36 darajali chiqish burchagiga ega.
O‘lchamlar va amaliylik
Onix Activ’ning uzunligi 4,16 metr, kengligi 1,75 metr, g‘ildirak bazasi 2,55 metrni tashkil qiladi. Balandlashtirilgan osma va tom relslari tufayli avtomobil balandligi 1,53 metrga yetgan. Shu bilan birga, bagaj hajmi 303 litr bo‘lib qolgan. Bu uning asosiy kamchiliklaridan biri, chunki Chevrolet Sonic 392 litr, Volkswagen Tera 350 litr, Renault Kardian esa 358 litr yuk sig‘imini taklif etadi.

Orqa qatorda baland bo‘yli yo‘lovchilar uchun joy ko‘p emas. Bundan tashqari, orqa yo‘lovchilar uchun USB portlar yo‘q, eshik tirsak qo‘ygichlari esa qattiq plastmassadan ishlangan.
Dvigatel va uzatma
Yangi Onix Activ uch silindrli, 1,0 litrli turbo dvigatel bilan jihozlangan. Moslashuvchan yonilg‘i tizimiga ega motor 115 ot kuchi va 16,8 kgfm aylantiruvchi moment ishlab chiqaradi. Quvvat faqat olti pog‘onali avtomatik uzatma orqali old g‘ildiraklarga yetkaziladi, mexanik transmissiya taklif qilinmaydi.

Dvigatel to‘g‘ridan to‘g‘ri purkash tizimiga ega emas va moy ichida ishlaydigan gaz taqsimlash kamari bilan jihozlangan. Chevrolet ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilgi yangilanishdan keyin kamar rezinasining kimyoviy tarkibi o‘zgartirilib, chidamliligi oshirilgan.
Jihozlar va xavfsizlik
Onix Activ salonida 8 dyuymli raqamli asboblar paneli va 11 dyuymli multimedia tizimi mavjud. Apple CarPlay hamda Android Auto simsiz ishlaydi. Old qismda USB-A va USB-C portlari, tugma orqali ishga tushirish, kalitsiz kirish, orqa kamera va raqamli displeyli konditsioner taqdim etilgan. Old o‘rindiqlarda sun’iy charmga o‘xshash mato bezaklari qo‘llangan.

Xavfsizlik to‘plami avtomobil narxiga nisbatan kamtarona. Model oltita xavfsizlik yostiqchasi, orqa park datchiklari, shinalar bosimini nazorat qilish tizimi, tortish va barqarorlik nazorati, favqulodda tormozlanish haqida ogohlantirish, avtomatik faralar hamda tezlik cheklagichiga ega. To‘liq avtomatik favqulodda tormozlash, adaptiv kruiz nazorati yoki yo‘lakda ushlab turish tizimi taklif qilinmaydi.
Onix Activ kimlar uchun?

Chevrolet Onix Activ an’anaviy xetchbek bilan ixcham SUV orasidagi mahsulot sifatida joylashtirilgan. U zamonaviy haydovchi yordamchilari, katta bagaj va qimmatroq salon bezaklarini izlaydigan xaridor uchun eng yaxshi tanlov emas. Bunday ehtiyojga Chevrolet Sonic’ning $25,5 minglik Premier yoki $26,5 minglik RS versiyalari ko‘proq mos keladi.
Activ esa asosan shaharda yuradigan, biroq yomon asfalt, chuqur va baland bordyurlardan qo‘rqmaydigan avtomobil izlayotgan xaridorlarga mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet yangi avtomobilni taqdim etishga tayyorlanyotgani haqida yozgan edi.
