Yangiliklar

Yil yakuniga qadar xorijdan 100 ming bosh qoramol olib kelinadi

150 ming bosh qo‘y va echki ham
Yil yakuniga qadar xorijdan 100 ming bosh qoramol olib kelinadi / Foto: Depositphotos

Chorvachilikni rivojlantirish va ichki bozordagi ta’minotni kuchaytirish maqsadida yil yakunigacha chetdan 100 ming bosh qoramol import qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish natijalari chorvachilikdagi haqiqiy holatni ko‘rsatib bergani qayd etildi. Unga ko‘ra, ilgari ma’lum qilingan ko‘rsatkichlarga nisbatan qoramollar soni 2,1 mln boshga, qo‘y va echkilar soni esa 1,5 mln boshga kam.

Xususan, Qashqadaryo viloyatida qoramollar soni 171 ming boshga, qo‘y va echkilar soni 288 ming boshga kamligi aniqlangan. Bu esa viloyat hisobidan bozorga 50 ming tonna go‘sht va 120 mln litr sut yetkazib berilmasligini anglatishi ta’kidlandi.

Chorvachilik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida may oyida Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 1 trln so‘m ajratilgani, endilikda esa Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan qo‘shimcha $50 mln yo‘naltirilishi ma’lum qilindi. Ushbu mablag‘lar hisobidan chorva komplekslarini tashkil etish uchun 5 mlrd so‘mgacha, naslli qoramolchilik loyihalari uchun esa 20 mlrd so‘mgacha 10 foizlik kreditlar 10 yil muddatga va 4 yillik imtiyozli davr bilan ajratiladi.

Shuningdek, yil yakunigacha chetdan 100 ming bosh qoramol hamda 150 ming bosh qo‘y va echki olib kelish vazifasi belgilandi. Bundan tashqari, go‘shtni samolyotda olib kelish bo‘yicha amaldagi imtiyoz yil oxirigacha uzaytiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur yig‘ilishda davlat aktivlarini xarid qilishda avans to‘lovi ikki baravar kamaytirilishi haqida belgilangan edi.