
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii Toshkentda mehnat bozori transformatsiyasiga bag‘ishlangan forumda norasmiy bandlik mamlakat mehnat bozoridagi muhim muammolardan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidladi, deya xabar berdi Kursiv Uzbekistan muxbiri. Uning aytishicha, ko‘plab ishchilar rasmiy mehnat munosabatlaridan tashqarida qolayotgani sabab ijtimoiy sug‘urta, pensiya va mehnat xavfsizligi kafolatlaridan foydalana olmayapti.
O‘zbekiston faol islohotlar bosqichida ekani qayd etildi
Akiko Fujii O‘zbekiston mintaqadagi eng faol islohotlar jarayonidan o‘tayotgan davlatlardan biri ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat so‘nggi yillarda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, bozorlarni ochish va islohotlar markaziga inson manfaatlarini qo‘yish yo‘lida qat’iy harakat qilmoqda.
U yangi Konstitutsiya mehnat huquqlari, ijtimoiy himoya va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish kafolatlarini kengaytirganini ta’kidladi. Akiko Fujii buni bugungi islohotlar, jumladan mehnat bozori transformatsiyasi uchun muhim asos deb atadi.
Norasmiy bandlik ijtimoiy himoyaga kirishni cheklamoqda
Akiko Fujii nutqida O‘zbekiston mehnat bozoridagi eng muhim muammolardan biri sifatida norasmiy bandlikni tilga oldi. Uning aytishicha, ayniqsa qishloq xo‘jaligi, qurilish, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohalarida ko‘plab ishchilar rasmiy mehnat shartnomalaridan tashqarida qolmoqda. Bunday holatda xodimlar ijtimoiy sug‘urta, pensiya va ish joyidagi xavflardan himoya kabi kafolatlardan foydalana olmaydi.
«Norasmiylik bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan yashirin iqtisodiyot sog‘liqni saqlash, ta’lim va odamlar hayotini bevosita yaxshilashi mumkin bo‘lgan boshqa sohalarga davlat investitsiyalari uchun mamlakatning fiskal maydonini cheklashda davom etmoqda», — dedi Fujii.
Yoshlar va mehnat bozori
BMT vakili O‘zbekiston mintaqadagi eng yosh va tez o‘sayotgan aholiga ega davlatlardan biri ekanini qayd etdi. Har yili yuz minglab yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda.
Akiko Fujii buni mamlakat uchun demografik imkoniyat deb atadi. Uning fikricha, agar yetarli darajada munosib ish o‘rinlari yaratilsa, bu omil uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladi. Aks holda, u ijtimoiy va iqtisodiy bosim manbaiga aylanishi mumkin.
Ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham to‘siqlar bor
Nutqda ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun rasmiy va munosib bandlikka chiqish yo‘lida tizimli to‘siqlar saqlanib qolayotgani aytildi.
«Ko‘plab xodimlar, ayniqsa xotin-qizlar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun rasmiy va munosib bandlikka erishish yo‘li haligacha tarkibiy to‘siqlar, moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatining cheklangani, ko‘nikmalarning mehnat bozori talablariga mos kelmasligi, shuningdek, haq to‘lanmaydigan uy mehnati va parvarish yukining teng taqsimlanmagani sababli yopiq qolmoqda», – dedi u.
Uning ta’kidlashicha, bular murakkab vazifalar bo‘lib, ularni hech bir alohida tashkilot yoki muassasa bir o‘zi hal qila olmaydi. Aynan shuning uchun ham hamkorlik juda muhimdir va Birlashgan Millatlar Tashkiloti ushbu muammolarni hal etishda O‘zbekiston bilan yelkama-yelka turishga tayyor.
Akiko Fujii BMT tizimi Global Accelerator qo‘shma dasturi doirasida O‘zbekistonni bir nechta yo‘nalishda qo‘llab-quvvatlayotganini aytdi. Xususan, qurilish, umumiy ovqatlanish va parvarish sohalaridagi ishchilarni rasmiy iqtisodiyotga olib kirish bo‘yicha hukumat bilan hamkorlik qilinmoqda.
Bundan tashqari, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, startap ko‘nikmalarini oshirish, ijtimoiy himoya qonunchiligini takomillashtirish, davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi bo‘yicha yangi qonunchilikni qo‘llab-quvvatlash, pensiya islohotlari va mehnat xavfsizligi standartlarini kuchaytirish ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 4,5 foizga tushgani xabar qilingandi. Shuningdek, 1-iyul holatiga mamlakat mehnat resurslari soni 21 mln nafarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 544 ming nafarga ko‘p.