
Iroq Kurdistoni markazi Erbil shahrida O‘zbekiston savdo uyini ochish masalasi muhokama qilindi. «Dunyo» axborot agentligiga ko‘ra, yangi savdo markazi o‘zbek mahsulotlarini namoyish etish va sotishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov Erbil shahri Savdo-sanoat palatasiga xizmat safari bilan bordi.
Tashrif davomida u palata raisi Gaylan Hoji Said bilan uchrashdi. Muloqotda O‘zbekiston va Iroq Kurdistoni o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Savdo uyi o‘zbek mahsulotlari uchun maydon bo‘ladi
Uchrashuvda tomonlar Erbil shahrida O‘zbekiston savdo uyini ochish bo‘yicha fikr almashdi.
Qayd etilishicha, savdo uyi o‘zbek mahsulotlarini Iroq Kurdistoni bozorida tanitish, namoyish etish va sotish uchun muhim maydonga aylanishi mumkin.
Kurdiston tadbirkorlariga sharoit yaratilmoqda
Elchi O‘zbekiston hukumati Kurdiston mintaqasi tadbirkorlari bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berayotganini ma’lum qildi.
Shuningdek, o‘zbek kompaniyalari va investorlarini qo‘shma loyihalarga hamda xalqaro ko‘rgazmalarga jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani aytildi.
Palata tashabbusni qo‘llab-quvvatladi
Erbil Savdo-sanoat palatasi raisi O‘zbekiston savdo uyini ochish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
Uning aytishicha, bu Toshkentga amalga oshirilgan tashrif davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi bo‘ladi. Palata o‘zbek kompaniyalari va investorlariga zarur huquqiy hamda logistika yordamini ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Minskda O‘zbekiston Savdo uyi faoliyat boshlagandi. Loyiha Shavkat Mirziyoyevning Belarusga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston va Belarus Savdo-sanoat palatalari hamkorligida amalga oshirildi.