Gadjetlar

iPhone 20 Pro Max qanday ekranda chiqadi

iPhone 20 Pro Max qanday ekranda chiqadi
Foto: Phone Arena

Yangi taqdim etiladigan iPhone 20 Pro Max 6,96 dyuymli ekran bilan jihozlanishi mumkin. Modelni namoyish qilish 2027-yilga rejalashtirilgan.

Apple ayni paytda yangi displeyni ichki sinovlardan o‘tkazmoqda. Ekranning haqiqiy diagonali 6,96 dyuym bo‘lsa-da, kompaniya uni marketing materiallarida 7 dyuymli displey sifatida taqdim etishi ehtimoli bor.

Taqqoslash uchun, iPad mini 8,3 dyuymli ekranga ega. Shunday qilib, kelajakdagi iPhone 20 Pro Max displeyi o‘lchami bo‘yicha kichik planshetlarga yanada yaqinlashadi.

Shu bilan birga, smartfon korpusi keskin kattalashmasligi kutilmoqda. Manbaga ko‘ra, yangi model ekranining tomonlar nisbati 6,9 dyuymli iPhone 17 Pro Max’dagi ko‘rsatkich bilan bir xil bo‘lib qoladi. Apple ramkalarni yanada ingichkalashtirish orqali katta displeyni amaldagi o‘lchamlarga yaqin korpusga joylashtirishi mumkin.

Yana nimalar ma’lum

Yubiley iPhone turkumi 2027-yilda, birinchi iPhone taqdim etilganining 20 yilligi munosabati bilan namoyish qilinishi kutilmoqda. Shu sababli kompaniya odatiy nomlash tartibini o‘zgartirib, yangi avlodni iPhone 20 deb atashi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Biroq Apple hozircha model nomi va taqdimot muddatini rasman tasdiqlamagan.

Internetda yubiley smartfonining turli konseptlari ham tarqalmoqda. Taxminlarga ko‘ra, iPhone 20 Pro Max deyarli ramkasiz, chetlari har tomondan egilgan shisha bilan qoplangan ekran olishi mumkin. Shuningdek, Apple jismoniy tugmalardan voz kechib, ularning o‘rniga bosim va teginishni sezuvchi sensorli boshqaruv elementlarini qo‘llashi ehtimoli aytilmoqda.

Hozircha qurilmaning kamerasi, protsessori, akkumulyatori va narxi bo‘yicha ishonchli ma’lumotlar yo‘q. Yangi modelning yakuniy xususiyatlari ishlab chiqarish boshlanishiga qadar o‘zgarishi mumkin. Shu sababli 7 dyuymli ekran va boshqa dizayn yangiliklari hozircha sizib chiqqan ma’lumotlar hamda taxminlarga asoslangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Apple Yaponiyada iPhone narxlarini oshirgani haqida yozgan edi.