
2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati yakunlangach, Transfermarkt turnirda yorqin o‘yin namoyish etgan futbolchilarning transfer qiymatini yangiladi. Yangilangan ro‘yxatda O‘zbekiston terma jamoasining ikki himoyachisi – Jahongir O‘rozov va Behruz Karimovning bozor bahosi oshdi.
O‘rozov va Karimov qimmatlashdi
Samarqandning «Dinamo» klubida to‘p surayotgan 22 yoshli markaziy himoyachi Jahongir O‘rozovning transfer qiymati 600 ming yevroga oshib, 1,2 million yevroni tashkil etdi.
«Surxon» himoyachisi, 18 yoshli Behruz Karimovning bozor narxi esa 650 ming yevroga ko‘tarilib, 1 million yevroga yetdi.
Narx oshishiga JChdagi ishtirok sabab bo‘ldi
Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, har ikki futbolchining transfer qiymati Jahon chempionatidagi muvaffaqiyatli ishtiroki hamda ularga futbol bozorida qiziqish ortgani sabab oshirilgan.
Eng qimmat futbolchilar ham ma’lum qilindi
Transfermarkt Jahon chempionatidan so‘ng turnirda o‘zini ko‘rsatgan 99 nafar futbolchining transfer qiymatini oshirdi. Reytingda Erling Holand va Lamin Yamal eng qimmat futbolchilar bo‘lib qolmoqda – ularning transfer narxi 220 million yevroga yetgan.
Shuningdek, O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayevning transfer qiymati 7 million yevro darajasida o‘zgarishsiz qoldi. U Jahon chempionatida Kolumbiya darvozasiga gol urib, O‘zbekiston tarixidagi mundialdagi ilk gol muallifiga aylangandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shomurodov va Fayzullayev UEFA turnirida yurishini boshlagani haqida yozgandi.