
Jahon banki Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv resurslarini boshqarishni yaxshilash uchun $20 mln miqdoridagi grant ajratadi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Bankning Ijrochi direktorlar kengashi 21-iyul kuni mintaqada suv hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihani ma’qulladi. Uning amalga oshirilishi natijasida Markaziy Osiyodagi qariyb 40 mln kishi bevosita yoki bilvosita manfaatdor bo‘lishi kutilmoqda.
Grant Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi Ijroiya qo‘mitasiga taqdim etiladi. Mablag‘ «Markaziy Osiyoda suv resurslarini samarali boshqarish sohasida hamkorlik» — CAWEC loyihasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
Loyiha mintaqa davlatlariga suv xo‘jaligi infratuzilmasini modernizatsiya qilish, suv resurslarini saqlash va boshqarishga qo‘shimcha investitsiyalar jalb etish hamda umumiy suv manbalaridan foydalanish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga yordam beradi.
Mintaqada qanday muammolar bor
Jahon bankining qayd etishicha, Markaziy Osiyoda transchegaraviy suvlarni boshqarish eskirgan infratuzilma, suv va energetika sohalaridagi mintaqaviy institutlarning zaifligi hamda Amudaryo va Sirdaryo havzalarida davlatlar o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvi cheklangani sababli qator muammolarga duch kelmoqda.
Vaziyat qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va boshqa ekstremal ob-havo hodisalari ko‘payishi fonida yanada murakkablashmoqda. So‘nggi 60 yil davomida Markaziy Osiyodagi muzliklar maydoni 30 foizga qisqargan. Bu esa kelajakda suv resurslarining mavjudligi va ulardan foydalanish imkoniyatlariga ta’sir qilishi mumkin.
Milliy suv xo‘jaligi tizimlari o‘rtasidagi hamkorlik yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani mintaqaga har yili $4,5 mlrddan ortiq iqtisodiy zarar yetkazmoqda. Shu bilan birga, umumiy suv infratuzilmasidan muvofiqlashtirilgan holda foydalanish va mintaqaviy raqamli platformalarni joriy etish imkoniyatlari to‘liq ishga solinmagan.
Avvalroq «Kursiv» Markaziy Osiyoga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi 25 foizga oshgani haqida yozgan edi.