Yangiliklar

O‘zbekistonda «Madaniy loyihalar milliy operatori» tuziladi

«Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalini o‘tkazish tartibi ham o‘zgartiriladi
O‘zbekistonda «Madaniy loyihalar milliy operatori» tuziladi
Foto: Aura.uz/ Kontent tayyorlash markazi

O‘zbekistonda xalqaro va respublika miqyosidagi madaniy tadbirlarni tashkil qilish bilan shug‘ullanuvchi «Madaniy loyihalar milliy operatori» davlat muassasasi tashkil etiladi. Bu prezidentning tegishli qarorida belgilandi.

Yangi muassasa Madaniyat vazirligi huzuridagi «Xalqaro festivallar direksiyasi» negizida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi huzurida tuziladi. Milliy operator xalqaro va respublika darajasidagi madaniy tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish hamda ularni o‘tkazish bo‘yicha asosiy ijrochi tuzilma vazifasini bajaradi.

Qarorga ko‘ra, Milliy operator tomonidan tashkil etiladigan tadbirlarda jamoat tartibini saqlash, tez tibbiy yordam va yo‘l-patrul xizmatlaridan bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, madaniy tadbirlar doirasida O‘zbekistonga olib kiriladigan uskunalar, sahna va texnik vositalar, rekvizitlar, musiqa asboblari, LED ekranlar, dronlar hamda boshqa moddiy qimmatliklar 2030-yil 1-yanvargacha bojxona bojidan ozod etiladi.

Hujjat bilan «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalini o‘tkazish tartibi ham o‘zgartirildi. Festival kelgusi yildan boshlab har ikki yilda bir marta tashkil etiladi. Madaniy loyihalar milliy operatori ushbu festivalga tashkiliy va texnik jihatdan tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish bo‘yicha ijrochi operator etib belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonning madaniy merosi dunyoning nufuzli muzeylarida namoyish etilishi haqida yozgan edi.